Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlarning natijalari, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm obyektlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Yig‘ilishda Toshkentda Jennifer Lopes, Xivada Black Coffee, Samarqandda Andrea Bochellining konsertlari bo‘lib o‘tgani qayd etildi. Tadbirlarni o‘tkazish davrida mazkur shaharlarda mehmonxonalardan foydalanish darajasi 90 foizdan oshdi, bu esa turizm va xizmatlar sohasi daromadlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi.
2025-yilda sayyohlar soni 11 milliondan oshib, turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard dollarga yetgani, shuningdek, vizasiz tartib joriy etilgan davlatlarning soni 94 taga ko‘paygani qayd etildi.
Shuningdek, Samarqandda UNESCO bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 190 mamlakatdan 3 mingdan ortiq delegatlar ishtirokida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tadbir yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish, taʼlim va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha tashabbuslarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Mamlakatning Yaponiyada bo‘lib o‘tgan EKSPO-2025 butunjahon ko‘rgazmasidagi ishtiroki yakunlari sarhisob qilindi. O‘zbekistonning 1,2 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan “Bilimlar bog‘i” pavilyoniga 1 million nafarga yaqin odam tashrif buyurdi.
Taqdim etilgan ekspozitsiyalar xalqaro miqyosda keng yoritildi hamda eng ko‘p tashrif buyurilgan pavilyonlar qatoridan joy oldi. Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan EKSPO-2030 ko‘rgazmasida ishtirok etishga tayyorgarlik ishlari boshlanib, maydoni 3,6 ming kvadrat metr bo‘lgan pavilyon qurilishi rejalashtirilgan.
Buxoroda o‘tkazilgan birinchi Zamonaviy sanʼat biyennalesiga alohida eʼtibor berildi. 70 kun davom etgan tadbir 3,5 gektar maydonni va 14 ta restavratsiya qilingan madaniy meros obyektlarini qamrab oldi. Biyennaleda 40 dan ortiq davlatdan 70 nafar ijodkor va kurator ishtirok etdi.
Tadbirda ishtirok etganlarning soni qariyb 1,8 million nafarni tashkil etib, jumladan, 100 nafardan ortiq yuqori martabali xorijiy mehmon tashrif buyurdi. O‘zbekiston 2021-yildan buyon Venetsiya biyennalesida doimiy ravishda ishtirok etishi esa Italiyadan sayyohlar oqimining o‘sishiga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.








