AQSH Davlat departamenti O‘zbekiston va yana 74 ta davlat fuqarolari uchun immigratsion vizalar berishni to‘xtatishi xabar qilingandi. Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burxonov o‘zbekistonliklarga viza berish tizimi davom etayotganini ma’lum qildi.
Vazirlik vakili O‘zbekiston AQSH immigratsiya vizalarini berish vaqtincha to‘xtatiladigan 75 ta davlat ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa-da, hali hech qanday cheklovlar o‘rnatilmaganini bildirdi.
“Fuqarolarimizga viza berish tizimi qanday ishlagan bo‘lsa, shunday davom etyapti”, dedi Ahror Burxonov “Daryo” so‘roviga ko‘ra bergan izohida.
Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab konsullik xodimlariga amaldagi qonun doirasida vizalarni rad etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Qaror viza arizalarini tekshirish va baholash tartibi qayta ko‘rib chiqilguniga qadar amal qiladi. Cheklov 21-yanvardan kuchga kiradi. Yangi mezonlar qachon joriy etilishi bo‘yicha esa aniq muddat belgilanmagan.Taqiq faqatgina immigratsiya vizalariga amal qiladi, boshqa vizalar uchun arizalar qabul qilinaveradi. Amaldagi immigratsiya vizalari bekor qilinmaydi. Turistik vizalar esa avvalgi tartibda beriladi.
Immigratsion viza nima?Immigratsion viza AQSH konsuli tomonidan beriladigan va Amerika Qo‘shma Shtatlariga yetib borib, doimiy qonuniy rezident (LPR – Legal Permanent Resident) sifatida mamlakat hududiga kirishga murojaat etishga imkon beradigan hujjatdir. AQSH Davlat xavfsizligi departamentiga qarashli AQSH Bojxona va chegarani qo‘riqlash xizmatining immigratsiya inspektori fuqaro doimiy qonuniy rezident sifatida kirishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida yakuniy qaror qabul qiladi. Fuqaro doimiy qonuniy rezident sifatida qabul qilingach, unga AQSH hududida doimiy yashash va ishlash huquqi beriladi.
Viza taqiq ro‘yxatiga tushgan davlatlarUshbu ro‘yxatdan quyidagi mamlakatlar o‘rin oldi: O‘zbekiston, Afg‘oniston, Albaniya, Jazoir, Antigua va Barbuda, Armaniston, Ozarbayjon, Bagama orollari, Bangladesh, Barbados, Belarus, Beliz, Butan, Bosniya, Braziliya, Birma, Kambodja, Kamerun, Kabo-Verde, Kolumbiya, Kot-d’Ivuar, Kuba, Kongo Demokratik Respublikasi, Dominika, Misr, Eritreya, Efiopiya, Fiji, Gambiya, Gruziya, Gana, Grenada, Gvatemala, Gvineya, Gaiti, Eron, Iroq, Yamayka, Iordaniya, Qozog‘iston, Kosovo, Quvayt, Qirg‘iziston, Laos, Livan, Liberiya, Liviya, Makedoniya, Moldova, Mo‘g‘uliston, Chernogoriya, Marokash, Nepal, Nikaragua, Nigeriya, Pokiston, Kongo Respublikasi, Rossiya, Ruanda, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Sent-Vinsent va Grenadina, Senegal, Serra-Leone, Somali, Janubiy Sudan, Sudan, Suriya, Tanzaniya, Tailand, Togo, Tunis, Uganda, Urugvay va Yaman.








