O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov Freestyle shaxmat bo‘yicha FIDE Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Abdusattorov onlayn saralash bahslarida 9 imkoniyatdan 7 ochko jamg‘argan holda pley-off bosqichiga yo‘l olgandi. Yarim finalda o‘zbekistonlik grossmeysterga eronlik Amin Tabatobeyi raqiblik qildi. Nodirbek raqibini 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi. Finalda esa Abdusattorov hindistonlik Venkatesh Pranav ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, 2026-yil fevral oyida Germaniyaning Vayzenxaus shahrida bo‘lib o‘tadigan FIDE Freestyle Jahon chempionatining so‘nggi — sakkizinchi yo‘llanmasi sohibiga aylandi.
Jahon chempionatida, shuningdek, o‘zbekistonlik grossmeyster, 2025-yilgi FIDE Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov ham ishtirok etadi.
Jahon chempionatida ishtirok etuvchi shaxmatchilar:
- Magnus Karlsen (Norvegiya)
- Levon Aronyan (AQSH)
- Fabiano Karuana (AQSH)
- Vinsent Keymer (Germaniya)
- Ardjun Erigaisi (Hindiston)
- Javohir Sindorov (O‘zbekiston)
- Hans Niemann (AQSH)
- Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston)
Ma’lumot uchun, 2026-yilda shaxmat olamida yangi sahifa ochiladi. FIDE Freestyle (Fisher shaxmati) yo‘nalishi bo‘yicha ilk rasmiy Jahon chempionati o‘tkaziladi. Musobaqa Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) va Freestyle Chess Operations tashkiloti hamkorligida tashkil etiladi.
Turnir 2026-yil 13–15-fevral kunlari Germaniyaning Vayzenxaus shahrida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv 2019 va 2022-yillarda o‘tkazilgan FIDE Chess960 Jahon chempionatlari formatining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Musobaqada 8 nafar shaxmatchi ishtirok etadi. Ulardan 6 nafari 2025-yilgi Freestyle Chess Grand Slam Tour natijalariga ko‘ra to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olgan. Qolgan 2 ta o‘rin alohida tartibda taqsimlandi: biri FIDE, ikkinchisi esa Freestyle Chess tashkiloti tomonidan belgilandi.
AQSH vakili Hans Niemann Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan Freestyle Chess Grand Slam turniridagi yorqin o‘yini sabab Freestyle Chess tashkiloti tomonidan nomzod sifatida ilgari surildi. FIDE esa sakkizinchi ishtirokchini aniqlash maqsadida Chess.com platformasida barcha unvonli shaxmatchilar uchun ochiq bo‘lgan onlayn saralash turniri (play-in) o‘tkazdi. Ushbu saralashda Nodirbek Abdusattorov yo‘llanma egasiga aylandi.
Ma’lumot uchun, Chess960 bo‘yicha amaldagi Jahon chempioni Hikaru Nakamura (AQSH) o‘z unvonini himoya qilish uchun berilgan taklifni rad etgan.
FIDE Freestyle Chess Jahon chempionati shaxmatda ijodkorlik, strategik moslashuvchanlik va klassik nazariyadan xoli o‘yinni targ‘ib qiluvchi yangi bosqich sifatida baholanmoqda. Chunki ushbu formatda figuralarning boshlang‘ich joylashuvi har bir partiyada turlicha bo‘ladi.
Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 300 ming AQSH dollarini tashkil etadi. FIDE Freestyle Chess Jahon chempioni esa 100 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotga ega bo‘ladi.








