Daryo

TEPE Sigeman shaxmat turniri. Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsen bilan durang o‘ynadi

O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi nufuzli turnirda mag‘lubiyatsiz ishtirok etmoqda.

1 daqiqa o‘qish17 645 ko‘rishlar0 izoh23

Nodirbek Abdusattorov shaxmat bo‘yicha nufuzli TEPE Sigeman turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. U 3-tur doirasida dunyoning birinchi raqamli grossmeysteri Magnus Karlsenga qarshi bahs olib bordi va durang qayd etdi. Bahs 49-yurishda yakunlandi. Shu tariqa, Nodirbek ochkolari sonini 2 taga yetkazib olgan holda qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 1-o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi ilk turda qora donalarda xitoylik ayol grossmeyster Ju Jinerni mag‘lub etdi. 2-turda amerikalik Endi Vudvard bilan durang o‘ynadi. Abdusattorov 4-turda hindistonlik Arjun Erigaisi bilan bahs olib boradi.

Musobaqa 7-mayga qadar Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnirda Nodirbek Abdusattorovdan tashqari Magnus Karlsen (Norvegiya), Arjun Erigaisi (Hindiston), Jorden van Forest (Niderlandiya), Nils Grandelius (Shvetsiya), Yag‘iz Kaan Erdog‘mus (Turkiya), Endi Vudvard (AQSH) va Ju Jiner (Xitoy) ishtirok etmoqda.

Vaqt nazorati va o‘ziga xos qoidalar

Turnir klassik shaxmat qoidalariga ko‘ra, quyidagi vaqt nazoratida o‘tkaziladi:

  • Dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqa;
  • O‘yin oxirigacha esa yana 30 daqiqa vaqt beriladi;
  • Birinchi yurishdan boshlab har bir yurish uchun 30 soniya qo‘shib boriladi.

Musobaqada "Malmyo qoidalari" amal qiladi — unga ko‘ra, o‘yinchilar 40-yurishga qadar o‘zaro durangga kelishishlari taqiqlanadi.a

Musobaqa formati

8 nafar ishtirokchi 7 ta tur davomida aylanma (round-robin) tizimida bir-biriga qarshi bahs olib boradi.

Ma’lumot uchun, ushbu turnirda ketma-ket ikki yildan buyon o‘zbekistonlik shaxmatchilar g‘alaba qozongan. 2024-yilda Nodirbek Abdusattorov, 2025-yilda esa Javohir Sindorov chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar