Angliya Liga Kubogi yarim final bosqichi doirasidagi London derbisi yakunlandi. Londondagi “Stemford Brij” stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Arsenal” futbol klubi “Chelsi” ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi hisob 7-daqiqada “Arsenal” himoyachisi Ben Uayt tomonidan ochildi. Ikkinchi bo‘lim boshida, 49-daqiqada Viktor Dyokeresh hisobdagi ustunlikni ikkitaga oshirdi. 57-daqiqada “Chelsi” futbolchisi Alexandro Garnacho hisobni qisqartirdi. 71-daqiqada Martin Subimendi “Arsenal”ning uchinchi goliga mualliflik qildi. 83-daqiqada esa Garnacho dubl qayd etib, hisobni 2:3 ko‘rinishiga keltirdi. Biroq o‘yin yakuniga qadar natija o‘zgarmadi.
Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 4-fevral kuni London shahridagi “Emireyts” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Angliya Liga Kubogi yarim finalining boshqa ilk uchrashuvida “Manchester Siti” “Nyukasl” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Angliya Liga Kubogi
Yarim final, dastlabki o‘yin
“Chelsi” — “Arsenal” 2:3
Gollar: 0:1 — Uayt (7), 0:2 — Dyokeresh (49), 1:2 — Garnacho (57), 1:3 — Subimendi (71), 2:3 — Garnacho (83)








