Daryo

Ukrainada partiya raisi deputatlar ovozini sotib olishda gumonlandi

Oliy rada fraksiyalaridan biriga raislik qiladigan siyosatchi o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, tergovni “ulkan piar-harakat” deb atadi.

2 daqiqa o‘qish3 180 ko‘rishlar0 izoh0

Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy byurosi (NABU) va Korrupsiyaga qarshi kurashishga ixtisoslashgan prokuratura (SAP) parlament fraksiyalardan biriga rahbarlik qilayotgan siyosatchiga nisbatan tergov boshladi. U deputatlarni “sotib olish”da gumonlanyapti.

Korrupsiyaga qarshi kurash idoralari rasmiy press-relizida gumonlanuvchining ismi ko‘rsatilmagan. Biroq SAP matbuot kotibi Olga Postolyuk “RBK-Ukraina” bilan suhbatda gap sobiq bosh vazir, “Batkivshina” partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko haqida ketayotganini tasdiqlagan.

Ma’lum qilinishicha, Timoshenko Ukraina Jinoyat kodeksining 369-moddasi 4-qismi, ya’ni mansabdor shaxslarga noqonuniy moddiy manfaat taklif qilishda gumonlanmoqda. Ushbu modda bo‘yicha eng og‘ir jazo 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutadi. Tergov hujjatlariga ko‘ra, boshqa fraksiyalarga mansub qariyb 20 nafar deputat ham muayyan qonun loyihalari bo‘yicha “o‘z ovozlarini sotgan” bo‘lishi mumkin. NABU va SAP xodimlari “Batkivshina” partiyasining Kiyevdagi ofisida tintuv o‘tkazgan.

Prokurorlar versiyasiga ko‘ra, Timoshenko ayrim deputatlarga ularning ovoz berish jarayonlaridagi xayrixohligi evaziga moddiy manfaat taklif qilgan. Bayonotdan ma’lum bo‘lishicha, gap bir martalik kelishuvlar emas, balki uzoq muddatga mo‘ljallangan tizimli hamkorlik haqida ketgan. NABU, shuningdek, Timoshenko va deputatlar o‘rtasidagi suhbat ekani aytilgan audio yozuvlarini e’lon qildi.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, suhbat davomida ular ovozlar evaziga haq to‘lash masalalari muhokama qilishgan. Bundan tashqari, Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyukni lavozimdan ozod etish, shuningdek, Mixail Fyodorov va Denis Shmigalni raqamli transformatsiya vaziri hamda mudofaa vaziri lavozimlaridan chetlatish kabi rejalar ham tilga olingan.

Yuliya Timoshenko o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni qat’iyan rad etdi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirib, partiya ofisidagi “shoshilinch tergov harakatlari” tun bo‘yi davom etganini, 30 dan ortiq qurollangan shaxs hech qanday hujjatsiz binoga kirib, tintuv o‘tkazganini ta’kidladi. Uning aytishicha, tergovchilar hech qanday dalil topmagan. Biroq ish telefonlari, hujjatlar va rasmiy deklaratsiyada ko‘rsatilgan shaxsiy jamg‘armani olib ketishgan.

Yuliya Timoshenko Ukraina Oliy radasida
Foto: Rada.ua

Timoshenko bo‘layotgan voqealarni “ulkan piar-harakat” deb atab, o‘ziga nisbatan tergov ortida siyosiy buyurtma turganini iddao qildi.

“Saylovlar yaqinlashib qolgan ko‘rinadi va kimdir raqiblarni tozalashga kirishdi. Bu menga qarshi birinchi siyosiy ta’qib emas. Ammo meni sindirib ham, to‘xtatib ham bo‘lmaydi,” deya yozgan u

Yuliya Timoshenko kim?

Korrupsiyada gumonlanayotgan Yuliya Timoshenko mamlakatning eng taniqli va tajribali siyosatchilardan biridir. U turli davrlarda ikki marta Ukraina bosh vaziri bo‘lgan. Avval ham bir necha bor jinoiy ishlar doirasida qamoqqa olingan, biroq keyinchalik unga qo‘yilgan ayblovlar siyosiy ta’qib sifatida baholangan. Bundan tashqari, Timoshenko prezidentlik saylovlarida ham bir necha bor qatnashib, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni olgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar