O‘zbekistonda muddatli to‘lov xizmatlarini tartibga solish bo‘yicha alohida qonun ishlab chiqiladi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov ma’lum qildi, deb yozmoqda Spot. Regulyator ushbu yo‘nalishda hukumat vakillari bilan hamkorlikda normativ-huquqiy bazani shakllantirish ishlarini boshlagan.
Qayd etilishicha, Markaziy bank tomonidan birinchi bosqichda muddatli to‘lov bozoriga oid standartlar ishlab chiqilgan va ularni joriy etish uchun soha uyushmalariga taqdim etilgan. Keyingi bosqichda esa maxsus qaror hamda alohida qonun loyihasini tayyorlash va qabul qilish rejalashtirilmoqda. Mazkur jarayonlar doirasida ichki ishlar allaqachon boshlangan.
Regulyatorning asosiy xavotiri aholining ortiqcha qarz yuki ostida qolayotgani bilan bog‘liq. Shu sababli Markaziy bank muddatli to‘lovlar bo‘yicha ma’lumotlarni kredit byurolariga majburiy tarzda taqdim etish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan.
Qayd etish kerak, 2025-yil oktyabridan boshlab muddatli to‘lov xizmati faqat 18 yoshdan katta shaxslarga taqdim etiladi. Yangi foydalanuvchilar uchun boshlang‘ich limit 2 mln so‘m etib belgilanadi. Ushbu limitni oshirish uchun esa oylik to‘lov miqdori fuqaroning rasmiy daromadining 50 foizidan oshmasligi lozim bo‘ladi.Kelgusida esa barcha muddatli to‘lov servislaridan mijozlarning qarz yukini hisoblash, kredit byurolaridan ma’lumot so‘rash va belgilangan limitlarga qat’iy rioya qilish talab etiladi.
Shuningdek, maksimal ustama miqdori asosiy qarz summasining 50 foizi bilan cheklanadi, kechiktirilgan to‘lovlar uchun murakkab foizlar hisoblash taqiqlanadi. Agar fuqaroning boshqa moliyaviy tashkilotlarda to‘lanmagan kreditlari mavjud bo‘lsa, unga yangi muddatli to‘lov rasmiylashtirilmaydi. Shu bilan birga, iste’molchilarga qarzni muddatidan oldin jarima va qo‘shimcha sanksiyalarsiz yopish huquqi berilishi ko‘zda tutilmoqda.








