AQSH prezident Donald Tramp ma’muriyati rasmiylari BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlar bo‘yicha agentligiga (UNRWA) nisbatan “terrorchilik”ka aloqador sanksiyalar joriy etish yuzasidan jiddiy muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda masala bo‘yicha bevosita ma’lumotga ega ikki manbaga tayanib, Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinihsicha, bu qaror Davlat departamenti ichida jiddiy huquqiy va gumanitar xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. UNRWA G‘azo, Iordan daryosining G‘arbiy sohili, Livan, Iordaniya va Suriyada faoliyat yuritib, millionlab falastinliklarga yordam, maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va boshpana taqdim etadi.
BMTning yuqori darajali amaldorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi UNRWA’ni G‘azodagi yordamning asosiy tayanchi deb biladi. Ma’lumki, Isroil va Falastinning HAMAS guruhi o‘rtasida 2023-yil oktyabr oyida urush boshlanganidan beri agentlik hududda keng qamroqvli gumanitar ishlar bilan shug‘ullanib keladi.
Mablag‘ to‘xtatilishi va ayblovlar
Tramp ma’muriyati, shunga qaramay, agentlikni HAMAS bilan aloqadorlikda ayblagan, biroq UNRWA bu da’volarni qat’iy rad etib keladi. Vashington uzoq vaqt davomida UNRWA’ning eng yirik donori bo‘lgan. Ammo Isroil agentlikning o‘nlab xodimlarini 2023-yil 7-oktyabrda HAMAS tomonidan sodir etilgan va G‘azodagi urushni boshlab bergan halokatli hujumda ishtirok etishda ayblaganidan so‘ng, 2024-yil yanvar oyida moliyalashtirishni to‘xtatgan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 2025-yil oktyabr oyida agentlikni HAMASning sho‘basiga aylanib qolganlikda ayblagan. Bungacha Qo‘shma Shtatlar 1997-yilda HAMASni “terroristik tashkilot” deb tan olgan.
Qanday sanksiyalar joriy etilishi aniq emas
Hozirgi muzokaralar butun agentlikni sanksiyalashga qaratilganmi yoki faqat UNRWAning ayrim mansabdor shaxslariga yoki uning operatsiyalariga qaratilganmi – bu hozircha aniq emas. AQSH rasmiylari UNRWA’ga nisbatan qo‘llaniladigan sanksiyalarning aniq turini hali hal qilmagan ko‘rinadi.
Manbalarga ko‘ra, Davlat departamenti amaldorlari muhokama qilgan ehtimollardan biri UNRWA’ni “xorijiy terroristik tashkilot” deb e’lon qilishdir. Biroq, bu variant UNRWA’ni moliyaviy jihatdan keskin izolyatsiya qilishi mumkinligi sababli, buning hozirda jiddiy ko‘rib chiqilayotgani noaniq.
“Misli ko‘rilmagan va asossiz”
UNRWA’ning Vashingtondagi ofisi direktori Uilyam Dir agar AQSH rasmiylari “xorijiy terroristik tashkilot” nomini berishni muhokama qilayotgan bo‘lsa, agentlik “hafsalasi pir bo‘lishini” bildirgan. U bunday harakatni “ham misli ko‘rilmagan, ham asossiz” deb atamoqda.
“2024-yil yanvar oyidan beri to‘rtta mustaqil tuzilma, shu jumladan, AQSH Milliy razvedka kengashi ham UNRWA’ning neytralligini tekshirdi. Turli vaqtlarda va turli nuqtayi nazarlardan sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning barchasi bir xulosaga keldi: UNRWA ajralmas, neytral, insonparvarlik faoliyatini yurituvchi subyektdir”, degan Dir.
Bunga javoban, Davlat departamenti rasmiysi UNRWA’ni “terrorchilarga yordam berish va ularga sheriklik qilish bo‘yicha isbotlangan tajribaga ega bo‘lgan korrupsiyalashgan tashkilot” deb atamoqda.
“Barchasi ravshan. Hali yakuniy qarorlar qabul qilinmadi”, deya qo‘shimcha qilgan u.








