Portugaliya terma jamoasi hamda Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi yarim himoyachisi Ruben Nevesh faoliyatini Angliya Premyer Ligasida davom ettirishi mumkin. ESPN nashrining xabar berishicha, ushbu transfer klubning yanvar oyidagi ilk xaridi bo‘lishi mumkin.
Manbaga ko‘ra, bosh murabbiy masalasi hal etilgach, “qizil iblislar” yarim himoya chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda asosiy nomzod Nevesh bolib, mankunianliklar futbolchini “Al-Hilol”dan sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Klub futbolchini 20 million funt sterling (taxminan 23 million yevro) evaziga transfer qilishni mo‘ljallamoqda. Qayd etilishicha, “Manchester Yunayted” Nevesh va boshqa transferni amalga oshirish uchun yetarli moliyaviy imkoniyatga ega. Agar klublar barcha shartlar bo‘yicha kelishuvga erisha olsa, rahbariyat yangi transferlar uchun mablag‘ ajratishga tayyor.
Avvalroq Neveshga Madridning “Real” klubi ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Unga ko‘ra, “qirollik klubi” yarim himoyachini yozgi transfer oynasi vaqtida erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olishni mo‘ljallamoqda.
Nevesh “Al-Hilol” safida 2023-yil yozidan buyon harakat qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 20 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Transfermarkt portali ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 25 million yevroni tashkil etadi. Futbolchining riyodliklar bilan shartnomasi 2026-yilning yoziga qadar amal qiladi.








