Eron sud tizimi rahbari mamlakatda davom etayotgan umummilliy norozilik namoyishlarida qo‘lga olinganlar ustidan tezkor sud jarayonlari va qatllar amalga oshirilishiga ishora qildi. Bu AQSH prezidenti Donald Trampning navbatdagi ogohlantirishiga qaramay yuz bermoqda. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
“Buni tezda amalga oshirishimiz kerak”
Eron sud tizimi rahbari G‘ulomhusayn Muhsiniy-Ejey davlat televideniyesi orqali tarqatilgan videoda jazo choralarini kechiktirmaslikka chaqirdi.
“Agar biror ishni qilmoqchi bo‘lsak, buni hozir qilishimiz kerak. Agar biror chora ko‘rmoqchi bo‘lsak, buni tezda amalga oshirishimiz lozim. Ikki yoki uch oy kechiktirilsa, kutilgan effekt bo‘lmaydi. Harakatlarimiz tezkor bo‘lishi shart”, dedi Muhsiniy-Ejey.
Ushbu bayonot Trampning 13-yanvar kuni CBS telekanaliga bergan intervyusiga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob sifatida qaralmoqda. Tramp agar Eron hukumati namoyishchilarni o‘ldirishni boshlasa, AQSH juda keskin choralar ko‘rishini va bu ular uchun yaxshilik bilan tugamasligini aytib ogohlantirgan edi.
Qurbonlar soni va harbiy holat
AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi (HRANA) ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarni bostirish chog‘ida halok bo‘lganlar soni 2 571 nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich Eronning so‘nggi o‘n yilliklardagi har qanday norozilik to‘lqinidan ancha yuqori bo‘lib, 1979-yildagi Islom inqilobi davridagi tartibsizliklarni yodga solmoqda.
HRANA ma’lumotlariga ko‘ra:
- 2 403 nafar namoyishchi halok bo‘lgan;
- 147 nafar hukumatga aloqador shaxs o‘ldirilgan;
- qurbonlar orasida 12 nafar bola va 9 nafar bevosita ishtirok etmagan tinch aholi vakili bor;
- 18 100 dan ortiq kishi hibsga olingan.
Ayni paytda, ba’zi nashrlar qurbonlar soni 12 mingdan oshganini qayd etmoqda. Chorshanba, 14-yanvar kuni Tehronda namoyishlar paytida halok bo‘lgan 100 nafar xavfsizlik xodimi uchun ommaviy dafn marosimini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rdi. Ko‘chalarda Basij va namoyishlarga qarshi kuchlar kazarmalarga qaytarilgan bo‘lsa-da, oddiy kiyimdagi maxfiy xizmat xodimlari nazoratni davom ettirmoqda.
Starlink va internet cheklovi
Eron hukumati 8-yanvar kuni internetni butunlay o‘chirib qo‘ygan edi. Biroq faollarning bildirishicha, Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Eronda bepul xizmat ko‘rsatishni boshlagan.
“Starlink terminallarining bepul obunasi to‘liq ishlayotganini tasdiqlashimiz mumkin”, dedi internetni ishga tushirishga yordam bergan faollardan biri Mehdi Yahyanejod.
Shu bilan birga, xavfsizlik kuchlari uylardagi sun’iy yo‘ldosh antennalarini (tarelkalarini) qidirib, reydlar o‘tkazayotgani xabar qilinmoqda.
AQSHning harbiy aralashuv xavfi
Vaziyat iyun oyida Isroil tomonidan amalga oshirilgan 12 kunlik urush davomida AQSH Eron yadroviy obyektlarini bombardimon qilganidan so‘ng yanada keskinlashgan. Donald Tramp tinch namoyishchilarning o‘ldirilishi tufayli harbiy kuch ishlatish ehtimolini bir necha bor ta’kidladi. Tehron aholisi esa qirg‘inlar davom etayotganidan va urush zonasiga aylangan ko‘chalardan hadiksiramoqda.
“Odamlar o‘z fikrini bildirish uchun chiqqandi, lekin bu tezda urush maydoniga aylanib ketdi. Odamlarda qurol yo‘q, qurol faqat xavfsizlik kuchlarida bor”, dedi guvohlardan biri Ahmadrizo Tavakoli.








