Daryo

Eldor Shomurodov: “O‘zbekiston Jahon chempionatiga syurpriz tayyorlab qo‘ygan”

O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov FIFA nashriga bergan intervyusida jamoa Jahon chempionatida autsayder emasligini maydonda isbotlash niyatida ekanini ta’kidladi.

2 daqiqa o‘qish12 571 ko‘rishlar0 izoh14

O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov FIFA nashriga intervyu berdi. Futbolchi suhbat davomida Jahon chempionatiga chiqish unga ulkan faxr bag‘ishlagani, bu nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun tarixiy voqea ekanini ta’kidladi.

“Bu his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Nafaqat futbolchilar, balki butun O‘zbekiston ahli bu lahzani uzoq yillar davomida orziqib kutdi. Saralashdan o‘tganimizdan keyin mamlakat bo‘ylab katta bayram bo‘ldi. Bu xalqimiz va muxlislarimiz uchun nihoyatda muhim voqea edi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqishi Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham katta qiziqish uyg‘otgan.

“Nafaqat O‘zbekistondan, balki butun Markaziy Osiyodan futbol muxlislari bizni tabrikladi. Hatto Qozog‘iston prezidenti ham davlat rahbarimizga tabrik yo‘llaganini eshitdim. Agar biz yaxshi o‘yin ko‘rsatib, ijobiy natijalarga erishsak, O‘zbekiston terma jamoasining muxlislari butun dunyoda ko‘payadi”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shuningdek, Shomurodov Jahon chempionatida O‘zbekiston autsayder jamoa emasligini isbotlashni istayotganini aytdi.

“Qur’a tashlashdan oldin ham kimga qarshi o‘ynashimiz unchalik muhim emasligini bilardim. Bizning vazifamiz — guruh bosqichidan chiqish. Pley-off bosqichida qaysi jamoa raqib bo‘lishi muhim emas. Biz birgalikda harakat qilib, dunyoga O‘zbekiston kuchli jamoalardan biri ekanini ko‘rsatmoqchimiz. Katta va’da bermoqchi emasmiz, ammo bizni autsayder deb hisoblayotganlarning fikrini o‘zgartirishni xohlaymiz”.

Foto: Getty Images

Hozirda Shomurodov Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubida o‘ynamoqda. Hujumchi Superligada 17 o‘yin o‘tkazib, 12 gol hamda 3 assist bilan to‘purarlar poygasida yetakchilik qilmoqda. U 10 yildan beri Yevropada eng kuchli futbolchilar bilan birga o‘ynab kelgani sababli Jahon chempionatida yulduz raqiblarga qarshi bahslardan cho‘chimaydi. Biroq Shomurodov uchun eng muhimi — yosh avlodga yo‘l ochish.

“Mendan oldin Yevropada o‘ynagan o‘zbekistonlik futbolchilar soni juda kam edi. Endi esa buni uddalash mumkinligini isbotladik. Ko‘plab futbolchilar Yevropaga yo‘l oldi va kuchli chempionatlarda o‘ynamoqda. Bu nafaqat terma jamoamizga, balki butun o‘zbek futboliga foyda keltiryapti”.

U mamlakatda futbolga bo‘lgan munosabat ham tubdan o‘zgarganini ta’kidladi.

“O‘zbekistonliklar uchun futbol birinchi raqamli sport turi hisoblanadi. Bolaligimda terma jamoa Jahon chempionatiga chiqa olmaganda muxlislar qanchalik xafa bo‘lganini yaxshi eslayman. Bugun esa davlat rahbari tomonidan sportga berilayotgan e’tibor tufayli infratuzilma rivojlandi, yoshlar uchun imkoniyatlar yaratildi. Bularning barchasi endi samara bera boshladi”.

Foto: FIFA

Shomurodovning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab o‘zbekistonlik muxlislar Jahon chempionati o‘yinlarini stadiondan tomosha qilish uchun safarga chiqishni rejalashtirmoqda.

“Ularning stadionda bo‘lishi bizga uyda o‘ynayotgandek kuch bag‘ishlaydi. Ortimizda butun xalq turganini his qilish bizni yanada kuchli qiladi va keyingi bosqichga chiqishga yordam beradi”.

Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Portugaliya, Kolumbiya hamda qit’alararo pley-off g‘olibi (Kongo – Yamayka/Yangi Kaledoniya) bilan “K” guruhidan joy oldi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa ilk turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Bu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Atsteka” stadioni mezbonlik qiladi. “Oq bo‘rilar” ikkinchi turda Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya bilan o‘ynaydi. Mazkur bellashuv AQSHdagi “NRG” stadionida o‘tadi. O‘zbekistonning guruh bosqichidagi oxirgi o‘yini esa Atlantadagi “Mersedes Benz” stadionda o‘tkaziladi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar