Daryo

Kashmirda saylovga qarshi namoyishlarda 15 kishi halok bo‘ldi

Pokiston nazoratidagi mintaqada bo‘lajak saylovlarda qochqinlarga kvota berilishi ommaviy tartibsizliklarga sabab bo‘ldi. Norozilik yurishlari chog‘ida tinch aholi vakillari va xavfsizlik xodimlari o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar kelib chiqdi. Hududda internet uzib qo‘yildi.

3 daqiqa o‘qish3 803 ko‘rishlar0 izoh2

Pokiston nazoratidagi Kashmir mintaqasida namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Mahalliy rasmiylarning bildirishicha, hodisalar oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgan. Ulardan 11 nafari tinch aholi vakili, 4 nafari esa xavfsizlik xodimidir. Bu haqda BBC xabar berdi.

Mitinglarni faollar guruhlaridan iborat bo‘lgan “Qo‘shma Avamiy harakat qo‘mitasi” (JAAC) tashkil qildi. Tashkilot odamlarni mintaqa poytaxti Muzaffarobod shahriga yurish boshlashga chaqirdi. Odamlar iyul oyida bo‘ladigan saylovlarda qochqinlar uchun 12 ta o‘rin (kvota) ajratilishiga qarshi norozilik bildirmoqda.

Hukumat ushbu guruhni davlatga qarshi isyonda aybladi. Guruh faoliyati taqiqlandi va uning rahbarlarini jazolash bo‘yicha buyruq berildi. Shunga qaramay, minglab odamlar yurishda qatnashishda davom etmoqda. Bu esa mintaqaning turli joylarida to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishchilarning katta karvoni Ravalkot shahridan 4 kilometr uzoqlikda turibdi. Unda 10 mingdan ortiq odam bor. Pokiston nazoratidagi Kashmirning Punch tumani komissari Sardor Vohid Xon BBC Urdu xizmatiga intervyu berdi. Uning aytishicha, hududda tartibni saqlash uchun xavfsizlik kuchlari navbatchilik qilmoqda. Aholiga uydan chiqmaslik buyurilgan.

Komissarning qo‘shimcha qilishicha, namoyishchilar karvoniga Ravalkot orqali Muzaffarobodga o‘tishga ruxsat berilmaydi. BBC Urdu muxbirlarining xabar berishicha, mahalliy masjidlar orqali ham odamlarga ko‘chaga chiqmaslik haqida e’lonlar berilmoqda. Yangi zo‘ravonliklar to‘lqini boshlanishidan xavotirlar bor. Ammo Vohid Xon qonun ustuvorligi ta’minlanishini aytdi. Mintaqa poytaxti Muzaffarobod va Ravalkot shaharlari tepasida harbiy vertolyotlar kuzatuv olib bormoqda.

Namoyishlar nima sababdan boshlandi?

BBC Urdu’ga ko‘ra, vaziyat shu haftaning boshida Ravalkot shahrida keskinlashgan. U yerda namoyishchilar va politsiya to‘qnashgan. Rasmiylarning BBC’ga ma’lum qilishicha, 9-iyun kuni Kotli shahrida ham to‘qnashuvlar bo‘lgan va unda yana 3 kishi vafot etgan. Umuman olganda, voqealarda kamida 50 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar soni yana ortishi mumkin.

Amnesty International tashkiloti 9-iyun kuni bayonot berib, namoyishchilarga nisbatan o‘tkazilgan keskin choralarni qoraladi. Hududda internet o‘chirilgan, odamlar ommaviy ravishda asossiz hibsga olingan va kuch ishlatilgan. Tashkilot buni inson huquqlarining yomonlashishi deb hisoblaydi.

Muzaffarobod poytaxti tomon yurish to‘xtagani yo‘q. JAAC yalpi ish tashlashga chaqirdi. Hozirda Muzaffarobod shahrida og‘ir sukunat hukmron. Ko‘chalar bo‘shab qolgan, do‘konlar va korxonalar yopiq. Politsiya ko‘chalarda patrullik qilmoqda.

Iyul oyida mahalliy qonunchilik organiga saylovlar bo‘ladi. Unda Kashmir qochqinlari uchun 12 ta o‘rin ajratilgan. Bu qochqinlar Pokiston nazoratidagi Kashmir hududida yashamaydi. Bu qaror mintaqada katta bahslarga sabab bo‘ldi. Sababi, ushbu qoida mintaqa ichida yashaydigan odamlarning o‘sha o‘rinlar uchun nomzod bo‘lishini taqiqlaydi.

JAAC guruhi ushbu ajratilgan o‘rinlarni bekor qilishni talab qilmoqda. Ularning fikricha, parlamentdagi barcha o‘rinlar faqat shu mintaqada haqiqatda yashayotgan odamlarga berilishi kerak.

Biroq hukumat 5-iyun kuni ushbu guruhni terrorizmga qarshi qonunlar asosida taqiqlab qo‘ydi. Mahalliy matbuotning yozishicha, hukumat guruhni “terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullangan” va “davlat tinchligi xavfsizligiga zarar yetkazgan” deb hisoblaydi.

Ma’lumot o‘rnida, Pokiston nazoratidagi Kashmir o‘z hukumatiga ega bo‘lgan yarim avtonom mintaqadir. Kashmir 70 yildan ortiq vaqtdan beri Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nizo manbasi bo‘lib kelmoqda. Dehli va Islomobod ushbu Himolay mintaqasini to‘liqligicha o‘ziniki deb hisoblaydi. Ular Kashmir tufayli ikkita yirik urush va bitta kichik harbiy to‘qnashuvni boshdan o‘tkazgan. Bugungi kunda har ikki qo‘shni davlat mintaqaning faqat bir qismini nazorat qiladi.

10-iyun kuni Kashmirda Pokiston armiyasining harbiy vertolyoti haloktaga uchradi. Oqibatda bortdagi barcha ekipaj a’zolari halok bo‘ldi. OAV hodisada 21 nafar odam qurbon bo‘lganini ma’lum qildi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar