Daryo

YI Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishni ilgari surdi

Tashkilot rasmiysi Kaya Kallas mamlakatdagi noroziliklarning shafqatsizlarcha bostirilishiga keskin munosabat bildirdi. Hozirgacha eronlik 230 dan ortiq jismoniy shaxs hamda 40 dan ortiq tashkilotga nisbatan aktivlarni muzlatish va sayohat taqiqlari qo‘llanilgan.

1 daqiqa o‘qish3 689 ko‘rishlar0 izoh1

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Eronda davom etayotgan norozilik namoyishlarining shafqatsizlarcha bostirilishi ortidan Tehronga nisbatan yangi cheklovlar joriy etishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Kallas va Yevropa tashqi harakatlar xizmati amaldagi sanksiyalar paketiga qo‘shimcha ravishda yangi choralarni taklif qilishga shay ekanini ma’lum qildi. Eronda norozilik namoyishlari 2025-yilning 28-dekabr kuni milliy valyuta — rialning qadrsizlanishi ortidan boshlangan edi. Oradan deyarli ikki hafta o‘tgan bo‘lsa-da, vaziyat hamon tarangligicha qolmoqda.

AQSHda joylashgan Inson huquqlari faollari axborot agentligi hisobotiga ko‘ra:

  • ikki hafta ichida 10 600 dan ortiq kishi hibsga olingan;
  • to‘qnashuvlarda jami 544 kishi halok bo‘lgan;
  • qurbonlarning 496 nafari namoyishchilar, 48 nafari esa xavfsizlik kuchlari xodimlaridir.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Bryussel vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ta’kidladi.

Bryussel va Vashingtonning turlicha yondashuvi

Hozirga qadar Yevropa Ittifoqi inson huquqlarining buzilishi, yadroviy qurol tarqalishi va Eronning Rossiyaga Ukrainadagi urush uchun harbiy yordam ko‘rsatishiga javoban keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etgan. Hozirgacha 230 dan ortiq jismoniy shaxs (jumladan, Ichki ishlar vaziri Ahmad Vahidi va “Islom inqilobi muhofizlari korpusi a’zolari”) hamda 40 dan ortiq tashkilotga nisbatan aktivlarni muzlatish va sayohat taqiqlari qo‘llanilgan.

Biroq Yevropa Ittifoqining diplomatik va iqtisodiy bosimi AQSHning keskin harbiy tahdidlaridan sezilarli darajada farq qiladi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp yaqinda agar Eron rahbarlari namoyishchilarni o‘ldirishda davom etsa, ularga juda qattiq zarba berishini ma’lum qilgandi. Garchi rasmiy qaror hali qabul qilinmagan bo‘lsa-da, Amerika OAV prezidentga Erondagi obyektlarga harbiy zarbalar berish bo‘yicha yangi variantlar taqdim etilayotgani haqida xabar bermoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar