“Andijon”, “Neftchi”, “Qo‘qon-1912”, “Bunyodkor”, “Dinamo”, “Surxon” va “Xorazm” klublari O‘zbekiston Superligasining 2026-yilgi mavsumini o‘z stadionida boshlashi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston professional futbol ligasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur arenalar orasidan faqat “Bunyodkor” stadioni barcha talab va mezonlarga javob beradi. Respublika bo‘yicha qolgan stadionlar esa teletranslyatsiya uchun zarur kamera platformalari va Patchroom tizimini joriy etishi lozim.
“Paxtakor”, “Qizilqum” va “Buxoro” klublari o‘z uy stadionlarida ta’mirlash ishlarini olib bormoqda. Agar ishlar mavsum boshlanishiga qadar tugamasa, klub boshqa stadion bilan shartnoma imzolashi yoki uy o‘yinlarini raqib maydonida o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Buxoro viloyatida maydon parvarishi uchun zarur texnika yetishmagani bois 4.7-band talablarini bajarishga harakat qilmoqda. “Qizilqum” “Yoshlik SM” projektorlarini talab qilingan darajaga keltirmoqda. “Paxtakor” esa ta’mirlash ishlarini yakuniy bosqichda olib bormoqda.
Qolgan 6 ta klub mavsumni boshqa arenada boshlaydi. Qashqadaryoning ikki klubi Qarshidagi “Markaziy” stadion tayyor bo‘lishini kutadi. Rejaga ko‘ra, “Nasaf” klubi aprel oyidan boshlab Superliga o‘yinlarini o‘z arenasida qabul qilishni boshlaydi. “Lokomotiv” va “OKMK” stadionlari ham aprelga tayyor bo‘ladi. Namangandagi stadion may oyida tayyor holatga yetadi. “So‘g‘diyona” esa Zomindagi stadionni Superliga uchrashuvlariga moslash ustida ish olib bormoqda; agar ishlar kechiksa, klub raqiblarini Samarqandda qabul qiladi.
“O‘zPFL so‘nggi 10 kun davomida Superliga klublarining stadion masalasi hal etish bo‘yicha ishlar olib bordi. Bu jarayonning ham yaxshi, ham qiyin tomonlari bor. Yaxshi tomoni shundaki, mamlakatdagi stadionlar bosqichma-bosqich rivojlanmoqda. Shu bilan birga, taqvim va qur’a mexanizmini shakllantirish jarayonida, muxlislar har safar sevimli klubi o‘yini uchun o‘z stadionida bo‘la olmasligi, jamoalar esa boshqa arenalarga ko‘chib o‘ynashga majbur bo‘lishi noqulaylik tug‘diradi”, deya qo‘shimcha qilinadi PFL xabarida.
Shu tariqa, mavsum taqvimi belgilangan, ammo stadion masalasi hali to‘liq hal qilinmagan. O‘zPFL 2026-yilgi mavsum qur’a mexanizmini esa butkul yangi uslubda ishlab chiqadi. Bu haqda keyinroq alohida xabar beriladi.








