Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tinchlik kelishuvi imzolangandan so‘ng Ukrainaga qo‘shin kiritish zarurligini oliy harbiy rahbariyat va parlament fraksiyalari rahbarlariga uqtirishga uringan. Bu haqda L’humanite nashri xabar berdi.
Nashr mualliflarining ta’kidlashicha, Makron 8-yanvarda o‘tkazilgan uchrashuvda to‘liq qo‘llab-quvvatlovga erisholmagan. Unda o‘n ming kishilik xalqaro kuchlar tarkibida, shu jumladan, Buyuk Britaniya harbiylari ham qo‘shilgan holda, olti ming kishilik kontingentni joylashtirish masalasi muhokama qilingan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Makron AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi haqida aytgan, biroq barcha deputatlar ham Vashington va’dalarining samimiyligiga ishonmagan. Xususan, “Bo‘ysunmas Fransiya” so‘l partiyasi fraksiyasi rahbari Matilda Pano bunga shubha bildirgan.
“AQSH prezidenti Donald Trampga ishonish uchun hech qanday asos yo‘q, ayniqsa, u Lotin Amerikasining ko‘plab mamlakatlariga tahdid solayotgani va yaqinda Venesuelaga hujum qilganini hisobga olsak”, deya ta’kidlagan Pano.
6-yanvar kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer urush yakunlangach, xorijiy kuchlarni Ukrainaga joylashtirish bo‘yicha uch tomonlama deklaratsiyani imzoladi. Italiya esa urush tugaganidan so‘ng Ukrainaga tinchlikparvar missiya doirasida harbiylarini yubormasligini bildirdi.
8-yanvar kuni Rossiya hukumati Ukrainadagi G‘arb kuchlari qonuniy ravishda nishonga olinishini ma’lum qildi.








