Ukrainada Rossiya maxsus xizmatlariga josuslik qilganlikda va terrorchilik hujumlarni rejalashtirganlikda ayblanayotgan Buyuk Britaniya fuqarosi hibsga olindi. Bu haqda Kiyev prokuratorasiga tayanib, The Independent xabar berdi.
Rasmiylarga ko‘ra, erkak Rossiya razvedkasi bilan hamkorlik qilgan va harbiy ma’lumotlarni pul evaziga sotishga rozi bo‘lgan. U urush holati sharoitida mudofaa kuchlari haqida ruxsatsiz ma’lumot tarqatganlikda ayblanmoqda.
Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) gumonlanuvchining vaqtinchalik yashash joyidan qo‘lga olinganini bildirgan. U, shuningdek, terrorchilik hujumlariga tayyorgarlik ko‘rganlikda ham ayblanmoqda.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bu holatdan xabardor ekanini va Ukraina rasmiylari bilan yaqin aloqada ishlayotganini tasdiqlagan. Gumondor shu hafta sudga chiqarilgan va kafilliksiz hibsda olib qolingan. Bu — Ukrainada birinchi marta britaniyalik fuqaro josuslikda ayblanayotgan holatdir.
Ukraina prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shaxs 2024-yilda harbiy instruktor sifatida Ukrainaga kelgan, biroq keyinchalik internetdagi rossiyaparast forumlarda ma’lumot sotishga tayyorligini yozgan. Shundan so‘ng u Rossiyaning FSB xizmati bilan aloqa o‘rnatgan.
SBUning bayonotiga ko‘ra, ruslar unga portlovchi qurilma tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan hamda qurol yashirilgan joy koordinatalarini yuborgan. U o‘sha joyga borib, u yerdan to‘pponcha olgan.
Ayblovga ko‘ra, britaniyalik erkak jangovar va taktik tayyorgarlik bo‘yicha malakaga ega bo‘lgan va turli rossiyaparast internet guruhlarida josuslik xizmatini taklif qilgan. U 2024-yil sentyabr oyida instruktorlik faoliyatini to‘xtatib, Odessa shahriga ko‘chib o‘tgan. U yerda Rossiya maxsus xizmati vakili bilan bog‘lanib, harbiy ma’lumotlarni pul evaziga yetkazib berishga rozi bo‘lgan.
Prokuratura uning 2025-yil may oyida Rossiyaga maxfiy harbiy ma’lumotlar — Ukraina armiyasi joylashuvi, mashg‘ulot hududlari suratlari va askarlar haqidagi identifikatsiya ma’lumotlarini yuborganini aniqlagan. Ayblanuvchi har bir topshiriq uchun 6 ming dollar olgan.








