Daryo

Eronda namoyishlar: kamida 45 kishi halok bo‘ldi, mamlakatda internet uzib qo‘yildi

Poytaxtdan tashqari Mashhad, Kirmonshoh va boshqa yirik shaharlarda ham ommaviy norozilik namoyishlari kuzatilmoqda. Tramp “agar odamlar o‘ldirilsa, Eronga qattiq choralar ko‘rishi”dan ogohlantirdi.

2 daqiqa o‘qish4 664 ko‘rishlar0 izoh0

Eronda 28-dekabrdan buyon davom etayotgan norozilik namoyishlarida halok bo‘lganlar soni kamida 45 kishiga yetdi. Namoyishlar fonida mamlakat bo‘ylab internet uzib qo‘yildi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Namoyishchilar 8-yanvar kuni Tehronning asosiy ko‘chalaridan biri — Oyatulloh Koshoniy xiyobonini to‘sib qo‘ydi. Xavfsizlik kuchlari niqob taqqan namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamoqda. Mashhad, Kirmonshoh va boshqa yirik shaharlarda ham ommaviy norozilik namoyishlari kuzatilmoqda.

Buyuk Britaniyaning NetBlocks tashkilotiga ko‘ra, Eronda namoyishlar fonida internet uzib qo‘yilgan. Mamlakatda internet-trafik taxminan 90 foizga kamaygan. Internetga erkin kirish faqat amaldorlar va kuch ishlatish tizimi vakillari uchun saqlanib qolgani aytilmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Salem News Channel telekanaliga bergan intervyusida Tehrondagi rahbariyatga nisbatan ilgari bildirgan tahdidlarini takrorladi.

“Men ularga agar odamlarni o‘ldirishni boshlashsa, qattiq choralar ko‘rishimizni aniq tushuntirdim. Ular tartibsizliklar paytida tez-tez shunday qiladi, ularda tartibsizliklar ko‘p kuzatiladi”, dedi u va eronliklarni “jasur xalq” deb atadi.

​AQSH prezidenti uning ma’muriyati vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirdi. Namoyishlar boshlanganidan beri Norvegiyaning Iran Human Rights (IHR) tashkiloti kamida 45 nafar kishi halok bo‘lganini qayd etgan. Ular orasida sakkiz nafar voyaga yetmagan bola ham bor.

Eronda norozilik namoyishlari rial kursining qulashi fonida boshlandi

Eronda 28-dekabrdan buyon ommaviy ko‘cha namoyishlari davom etmoqda. Noroziliklar Tehronning asosiy bozorida boshlangan, dastlab do‘kondorlar giperinflyatsiya va narxlarning keskin o‘zgarishiga qarshi savdo nuqtalarini yopgan. Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar sabab jiddiy bosim ostida qolmoqda. Xususan, milliy valyuta — rial 2025-yil davomida AQSH dollariga nisbatan qiymatining uchdan biridan ko‘prog‘ini yo‘qotgan.

Hukumat 4-yanvar kuni iqtisodiy bosimni yumshatish maqsadida har bir fuqaro uchun oylik nafaqa joriy etilishini e’lon qilgan. Ushbu to‘lov o‘rtacha oylik ish haqining taxminan 3,5 foiziga teng. Aholisi 90 milliondan ortiq bo‘lgan Eronda eng kam ish haqi taxminan 100 dollar, o‘rtacha oylik maosh esa 200 dollar atrofida.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar