Hukumatning 2025-yil 29-dekabrdagi qarori bilan mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlar bo‘yicha sertifikat yoki ekspert xulosasini rasmiylashtirish xarajatlarini qoplab berish tartibi tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, mebel va yog‘ochsozlik mahsulotlari mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganini aniqlash uchun “O‘zbekekspertiza” AJ tomonidan o‘tkaziladigan ekspertiza mutlaqo bepul bo‘ladi. Ya’ni, bu yo‘nalishda hech qanday to‘lov undirilmaydi.
Shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat yoki ekspert xulosasi rasmiylashtiriladi. Muhimi, ushbu hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan sertifikat (yoki xulosa) amal qilish muddati davomida bir marta to‘liq qoplab beriladi.
Buning uchun vakolatli organ har hafta yakunida kerakli ma’lumotlar kiritilgan reyestrni elektron platforma — subsidiya.epauzb.uz orqali Kompaniyaga yuboradi. Kompaniya esa murojaat kelib tushgan kundan boshlab 7 ish kuni ichida uni ko‘rib chiqib, kompensatsiya bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Bundan avval Oʻzbekistonda bojxona tizimida sertifikatlashga oid ayrim talab va cheklovlar bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.








