Xitoy tomonidan harbiy mashg‘ulotlar doirasida orolga raketa zarbalari berilganidan so‘ng, Tayvan o‘z suverenitetini qat’iy himoya qilish va mudofaa salohiyatini kuchaytirishga bel bog‘laganini ma’lum qildi. Bu haqda Tayvan prezidenti Lay Ching Te bayonot berdi.
Prezident Yangi yil tabrigida xalqaro hamjamiyat tayvan xalqining o‘zini himoya qilishga qanchalik qat’iy ekanini kuzatayotganini ta’kidlagan.
“Prezident sifatida mening pozitsiyam har doim aniq bo‘lgan: milliy suverenitetni qat’iy himoya qilish va milliy mudofaani mustahkamlash”, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy bu hafta o‘tkazgan harbiy mashg‘ulotlari davomida Tayvanning yaqinda kuchaytirilgan jangovar salohiyatini “faraziy raqib” sifatida sinovdan o‘tkazgan.
Tayvan prezidenti bu holat mudofaa xaridlarini oshirish zaruratini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidladi va muxolifat partiyalarini mamlakat mudofaa xarajatlarini 40 milliard dollarga oshirish rejasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Hozircha bu taklif muxolifat nazoratidagi parlamentda yuzaga kelgan siyosiy boshi berk ko‘cha sababli to‘xtab qolgan.
“Xitoy o‘z maqsadlariga belgilangan muddat ichida erisha oladimi-yo‘qmi, bu boshqa masala”, dedi Lay Ching Te.
Shu tarzda u AQSH hisobotiga izoh berdi. Mazkur hisobotda Xitoy 2027-yilga borib Tayvan uchun kurashda g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega bo‘lishga tayyorlanayotgani aytilgan.
“Kelgusi 2026-yil Tayvan uchun hal qiluvchi yil bo‘ladi”, dedi prezident.
U, shuningdek, Tayvan “eng yomon ssenariyga tayyor turishi, ammo eng yaxshisiga umid qilishi” kerakligini qo‘shimcha qildi.
“Biz Xitoy bilan tenglik va qadr-qimmat tamoyillari asosida muloqot va hamkorlikka tayyormiz, bo‘g‘ozning ikki tomonida tinch va barqaror muhitni shakllantirish tarafdorimiz. Agar Xitoy Tayvan respublikasi mavjudligini tan olsa va tayvan xalqining demokratik hamda erkin turmush tarziga intilishini hurmat qilsa”, dedi mamlakat prezidenti.
Xitoyning harbiy mashg‘ulotlari
Dekabr oyida AQSH davlat departamenti Tayvanga qiymati 11 milliard dollardan ortiq bo‘lgan qurol-yarog‘ paketi yetkazib berilishini e’lon qilgan edi. Bu AQSH tomonidan Tayvanga amalga oshirilgan eng yirik qurol savdosi bo‘lib, u raketalar, dronlar, artilleriya tizimlari va harbiy dasturiy ta’minotni o‘z ichiga oladi.
Bunga javoban Xitoy Tayvan atrofida favqulodda va keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Manyovrlar dengiz va havo hududlarini qamrab oldi hamda mintaqada xavotir uyg‘otib, xalqaro kuzatuvchilarning diqqatini tortdi. Mashg‘ulotlar orol atrofidagi 24 dengiz mili miqyosidagi maxsus dengiz zonasiga ham taalluqli bo‘ldi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa Xitoyning navbatdagi harbiy mashg‘ulotlarini kichraytirib baholab, ularni Pekin mintaqada ko‘p yillardan beri o‘tkazib kelayotgan odatiy mashg‘ulotlar, deb atadi.
Shu bilan birga, Xitoy rasmiylari “sivilizatsiyalashgan davlatlar” tomonidan bildirilgan tanqidlarga keskin javob qaytarib, Tayvan bilan “to‘liq qayta birlashish”ni istashlarini va orolni qurol bilan qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga nisbatan “qat’iy javob” berishlarini ma’lum qilgan.








