AQSH hukumati 17-dekabr kuni Tayvanga 11,1 milliard dollarlik qurol-yarog‘ sotish paketini ma’qulladi. Bu orol mamlakat tarixidagi eng yirik harbiy yordam paketi bo‘lib, sotuv Xitoy tomonidan harbiy bosim kuchayib borayotgan bir vaqtda amalga oshirilmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Prezident Donald Tramp ma’muriyati davridagi mazkur ikkinchi yirik qurol savdosi sakkiz turdagi harbiy texnika va o‘q-dorilarni o‘z ichiga oladi. Tayvan Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, paket tarkibidan quyidagilar joy olgan:
- HIMARS raketa tizimlari;
- Gaubitsa artilleriya qurilmalari;
- Javelin tankka qarshi raketalari;
- Altius kamikadze-dronlari;
- va boshqa harbiy texnikalar uchun ehtiyot qismlar.
Pentagonning qayd etishicha, ushbu bitim AQSHning milliy va iqtisodiy manfaatlariga xizmat qiladi hamda Tayvanga o‘z qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish hamda ishonchli mudofaa qobiliyatini saqlab qolish imkonini beradi.
“Asimmetrik urush” strategiyasi
Vashingtonning bosimi bilan Tayvan o‘z armiyasini “asimmetrik urush” olib borishga moslashtirmoqda. Bunda asosiy urg‘u mobil, kichikroq va arzonroq, ammo yuqori aniqlikdagi zarba beruvchi qurollarga (masalan, dronlarga) qaratiladi.
“Mamlakatimiz mudofaa islohotlarini ilgari surishda, butun jamiyatning mudofaa chidamliligini mustahkamlashda, o‘zimizni himoya qilishga qat’iyatimizni namoyish etishda va tinchlikni kuch bilan himoya qilishda davom etadi”, dedi Tayvan prezidenti devoni matbuot kotibi Karen Kuo bayonotida va AQShga sotuvlar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, noyabr oyida Tayvan prezidenti Lay Ching-te milliy xavfsizlik masalasida murosa bo‘lmasligini aytib, 2026–2033-yillar uchun 40 milliard dollarlik qo‘shimcha mudofaa budjetini e’lon qilgan edi.
Pekin munosabati
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bu xabarga g‘azab bilan munosabat bildirdi va bitimni “Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlikka jiddiy putur yetkazish” deb baholadi.
“Tayvan mustaqilligini qurol bilan qo‘llab-quvvatlash orqali AQSH tomoni faqat o‘ziga o‘t ochadi. Xitoyni jilovlash uchun Tayvandan foydalanish mutlaqo muvaffaqiyatsizlik keltiradi”, dedi vazirlik vakili Go Jiakun.
Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati boshida AQSH rasmiylari Taypeyga qurol sotish hajmini yanada oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi. Yangi milliy xavfsizlik strategiyasiga ko‘ra, AQSH mintaqada Xitoy ustidan “harbiy ustunlikni saqlab qolish” orqali ehtimoliy mojarolarning oldini olishni maqsad qilgan.








