Germaniya Yevropada urush bo‘lgan taqdirda besh bosqichli eskalatsiyani nazarda tutuvchi maxfiy rejani ishlab chiqdi. Bu haqda “Germaniya uchun operativ reja” deb nomlangan 24 sahifalik maxfiy hukumat hujjati bilan tanishib chiqqan Politico nashri xabar berdi.
Besh bosqichli eskalatsiya modeli tahdidlarni erta aniqlash va jilovlashdan boshlab, milliy mudofaa, NATOning jamoaviy mudofaasi, shuningdek, mojarodan keyingi tiklanishgacha bo‘lgan harakatlar rejasini o‘z ichiga oladi.
Hujjatda qayd etilishicha, hozirda Germaniya birinchi bosqichda harakat qilmoqda. Bu bosqichda mamlakat tahdidlarning umumiy manzarasini shakllantirish, davlat idoralari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, logistika va himoya choralarini tayyorlashga e’tibor qaratmoqda.
“Yaqinda mamlakatga uyushtirilgan kiberhujumlar, qo‘poruvchilik va dezinformatsiya kampaniyalari harbiy mojaroning birinchi bosqichi bo‘lishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Rejada Germaniya NATO qo‘shinlari uchun operativ baza va asosiy tranzit yo‘lagi sifatida ko‘rsatilgan. Shu sababli mojaroning ilk bosqichidayoq mamlakat kuchli bosim ostida qolishi mumkin. Germaniya uzoq masofali qurollar yordamida amalga oshiriladigan an’anaviy hujumlar uchun ustuvor nishonga aylanishi, bunday zarbalar harbiy va fuqarolik obyektlariga qaratilishi ehtimoli bor.
Rejada mamlakat ichki qurolli kuchlarining vazifasi kengaytirilgan. Ularga muhim infratuzilmani himoya qilish, qo‘shinlarning Germaniya hududi bo‘ylab harakatlanishini ta’minlash va jangovar bo‘linmalar boshqa joylarda joylashgunga qadar mamlakatning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, hujjatda ayrim vazifalarni bajarish uchun aholi va fuqarolik tuzilmalarining ko‘magi zarurligi qayd etilgan. Bunday yordamsiz rejani amalga oshirib bo‘lmasligi ta’kidlangan.
Hujjatda Germaniya so‘nggi paytlarda duch kelayotgan gibrid hujumlar kuchaygani ham alohida qayd etilgan. Jumladan, Rossiyaga aloqador josuslik faoliyatining oshgani, kiberhujumlar ko‘paygani, siyosiy institutlar, muhim infratuzilma va jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazish urinishlari qayd etilgan. Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt esa mamlakatni “gibrid urushning kundalik nishoni” deb ta’riflagan.








