Daryo

Germaniya Eronga qarshi harbiy operatsiyaga qo‘shilish niyatida — Isroil

Yahudiy davlati Berlinning Isroil—AQSH va Eron urushiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Germaniya TIV esa bu ma’lumotni rad etdi.

1 daqiqa o‘qish18 383 ko‘rishlar0 izoh6

Germaniya hukumati Eron rejimining mintaqadagi davlatlarga hujumlari to‘xtamasa, Isroil va AQSHning islom respublikasiga qarshi harbiy kampaniyasiga qo‘shilish masalasini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Germaniya siyosiy va harbiy doiralaridagi manbalarga tayanib Isroilning Army Radio stansiyasi xabar berdi.

Isroil radiosining Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari hamda Bundestagning Tashqi ishlar qo‘mitasi a’zolaridan olgan ma’lumotiga ko‘ra, AQSH bilan birgalikdagi ehtimoliy harbiy harakatlar rejasi allaqachon ishlab chiqilmoqda.

Kutilayotgan ko‘mak yo‘nalishlariga quyidagilar kiradi: to‘g‘ridan to‘g‘ri havo zarbalarida ishtirok etish hamda harbiy va aviatsiya texnikasi bo‘yicha ko‘mak berish, deyiladi yahudiy nashrida.

Berlinning rasmiy pozitsiyasi

Garchi harbiy doiralarda rejalar muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da, Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadepul mamlakatning ushbu mojaroda ishtirok etish niyati yo‘qligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Germaniya kansleri Fridrix Mers AQSH prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum qilindi.

Yevropa uchligining ogohlantirishi

Kecha tunda, 1-mart kuni Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya Eronning mintaqadagi hujumlarini keskin qoralab, qo‘shma bayonot bilan chiqdi.

“Zarurat tug‘ilganda, Fors ko‘rfazidagi manfaatlarimiz va ittifoqchilarimizni himoya qilish uchun Eronga qarshi mudofaa choralarini ko‘rishga tayyormiz”, deyiladi uch davlat bayonotida.

Ayni paytda, Buyuk Britaniya bosh vaziri mamlakatning Yaqin Sharqdagi bazalaridan Eronga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat berdi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar