Yaman Birlashgan Arab Amirliklari bilan mudofaa shartnomasini bekor qildi va uning harbiylariga mamlakatni tark etishni buyurdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Farmon Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Rashad al-Alimiy boshchiligidagi Yaman ma’muriyati tomonidan e’lon qilindi. Unga ko‘ra, amirlikning barcha kuchlari va shaxsiy tarkibi 24 soat ichida Yamanni tark etishi kerak.
“Mahalliy kuchlarga sharqiy Xadramout va Al-Mahra viloyatlaridagi harbiy lagerlarga ko‘chib o‘tish va nazoratni o‘z qo‘llariga olish topshirig‘i berilgan”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Al-Alimiy 90 kunlik muddatga butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi, muddat vaziyatga qarab o‘zgarishi mumkin. Farmon bilan barcha portlar va chegara o‘tish joylarida 72 soatlik havo, dengiz va quruqlik blokadasi joriy etildi. Faqat Saudiya boshchiligidagi koalitsiya rahbariyati ruxsati bilangina istisnolar beriladi. Barcha harbiy obyektlar mahalliy kuchlarga topshirilishi kerak, ikkala viloyat gubernatorlariga to‘liq ma’muriy vakolatlar berilgan.
- Saudiya Yaman portiga zarba berdi
Saudiya Arabistoni 30-dekabr kuni Yamanning Mukalla port shahriga havodan zarbalar berdi. Riyod ushbu hujumni BAAdan separatist kuchlar uchun qurol-yarog‘ olib kelingani bilan izohladi. Bayonotda zarbalar BAAning sharqiy sohilidagi Fujayra portidan ikkita kema yetib kelganidan so‘ng amalga oshirilgani aytilgan.
Saudiya harbiylari hujum “bilvosita talafotlarning oldini olish uchun” tunda amalga oshirilganini bildirdi. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. BAA tomoni esa ushbu zarba yuzasidan hali rasmiy munosabat bildirmadi.
Har ikki davlat Yamandagi husiylarga qarshi koalitsiya tarkibida bo‘lsa-da, mamlakat ichida turli kuchlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Jumladan, Saudiya Arabistoni “Milliy qalqon kuchlari”n, BAA “Janubiy o‘tish kengashi” separatistlari bilan hamkorlik qiladi.
Mukalla shahri joylashgan Hadramaut viloyati yaqinda separatistlar nazoratiga o‘tgan edi. Saudiya Arabistoni 26-dekabr kuni ushbu guruhni ogohlantirish maqsadida havo zarbalarini amalga oshirgan.








