Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Yaman husiylari 20-iyul kuni Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasi joriy etdi. Bu haqda guruh harbiy matbuot kotibi televideniye orqali qilgan chiqishida ma’lum qildi. Blokada bayonat e’lon qilingan vaqtdan e’tiboran darhol kuchga kirdi.
“Jinoyatchi Saudiya dushmaniga qarshi qonga qon prinsipi asosida dengiz embargosi e’lon qilamiz. Ushbu bayonat berilishi bilan blokada darhol kuchga kiradi”, deyiladi guruh xabarida.
Husiylarning ta’kidlashicha, tegishli chora Saudiyaning harakatlariga javobdir. Ularning aytishicha, Saudiya Arabistoni deyarli 12 yildan beri Yaman xalqiga nisbatan adolatsiz va zolimona qamalni davom ettirmoqda. Shuningdek, Ar Riyod mamlakat resurslarini talayotgani hamda portlar va aeroportlarni quruqlik, dengiz va havo orqali to‘liq blokadada ushlab turgani aytildi.
O‘tgan haftada husiylar Saudiya Arabistoniga raketalar uchirgan. Bunga qirollikning husiylar nazoratidagi aeroportga bergan zarbasi sabab bo‘lgan. Oqibatda Saudiya va guruh o‘rtasidagi to‘rt yillik sulh buzildi.
Ushbu raketali hujumlar 2022-yil mart oyidan beri husiylar tomonidan Saudiya Arabistoniga qarshi amalga oshirilgan birinchi rasmiy javob bo‘ldi. O‘shanda husiylarning Saudiya energetika infratuzilmasiga qilgan hujumlaridan so‘ng norasmiy sulh kuchga kirgan edi.
Yaman poytaxti Sana va mamlakat shimolining katta qismi, jumladan, Qizil dengizning g‘arbiy sohilidagi Hudayda port shahri Eron bilan ittifoqchi husiylar tomonidan nazorat qilinadi. Saudiya Arabistoni va ko‘rfazning boshqa davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yaman hukumati esa janubiy qirg‘oqdagi Adan shahrida joylashgan.








