Daryo

HAMAS G‘azodagi rahbari halok bo‘lganini tasdiqladi

Falastinlik guruh “niqobli odam” Isroil tomonidan yozda o‘ldirilganini bildirdi.

2 daqiqa o‘qish5 404 ko‘rishlar0 izoh0

HAMAS guruhining harbiy qanoti 29-dekabr kuni o‘zining matbuot kotibi Abu Obeydaning o‘limini tasdiqladi. Isroil bir necha oy avval u G‘azo sektoridagi aviazarba natijasida yo‘q qilinganini e’lon qilgan edi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

“Millionlar sevgan niqobli odam”

“Izzat ad-Din al-Qassam brigadalari” o‘zining Telegram kanalida video bayonot e’lon qilib, unda shunday deyiladi:

“Millionlar sevgan niqobli odam... Qassam brigadalarining buyuk shahid qo‘mondoni va matbuot kotibi Abu Obeyda xotirasi oldida ehtirom bilan sukut saqlaymiz”.

Isroil mudofaa kuchlari Abu Obeyda 2024-yilning 30-avgust kuni G‘azoga berilgan zarba natijasida o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi. Urush davomida Abu Obeyda markaziy shaxsga aylanib ulgurgan — uning chiqishlarini nafaqat g‘azoliklar, balki arab va xalqaro OAVning ham e’tiboriga tushgan. Ayniqsa, asirlarni almashish bo‘yicha rasmiy bayonotlar aynan u orqali e’lon qilinardi.

Abu Obeyda kim edi?

Haqiqiy ismi Huzayfa Samir al-Kahlut bo‘lgan ushbu shaxs 1985-yil 11-fevralda tug‘ilgan va G‘azo shimolidagi Jabaliya qochqinlar lagerida ulg‘aygan. U yoshligidanoq HAMAS safiga qo‘shilgan, keyinchalik “Izzat ad-Din al-Qassam brigadalari” a’zosiga aylangan.

Abu Obeyda guruhning yagona rasmiy vakili sifatida tanilgan edi. U doimo harbiy kiyimda va yuzini qizil kuffiya (ro‘mol) bilan yopgan holda video murojaatlar yo‘llardi. Isroil uni bir necha bor suiqasd nishoniga olgan, biroq u uzoq vaqt davomida omon qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Sirli shaxs va “qarshilik timsoli”

HAMAS rasmiylariga ko‘ra, Abu Obeyda guruh uchun “qarshilik timsoli” edi. U o‘zining ta’sirli nutqlari, Isroilga qarshi tahdidlari va harbiy operatsiyalar haqidagi hisobotlari bilan mashhur edi. Guruh rasmiylaridan birining AFP nashriga ma’lum qilishicha, ko‘p yillar davomida uning haqiqiy shaxsini HAMASning faqat juda tor doiradagi rahbarlarigina bilgan.

Isroil 2023-yil 7-oktyabrdagi hujumdan so‘ng boshlangan urush davomida HAMAS rahbariyatini butunlay yo‘q qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan va shu paytga qadar guruhning ko‘plab yuqori martabali a’zolari o‘ldirilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar