G‘azo sektorida otashkesimga erishilganiga qaramay, Isroil hujumlarini davom ettirmoqda. Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, sulh e’lon qilinganidan beri 23 nafar falastinlik halok bo‘lib, 122 kishi jarohat oldi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, 15-16-oktyabr kunlari G‘azodagi shifoxonalarga 29 kishining jasadi olib kelingan: ulardan uchtasi ilgari olgan jarohatlari tufayli, to‘rt nafari yangi hujumlarda halok bo‘lgan, yana 22 kishi vayronalar ostidan topilgan. Shu vaqt ichida 24 nafar yarador ham shifoxonalarga yetkazilgan.
Isroil hujumlari boshlangan 2023-yil oktyabr oyidan beri halok bo‘lganlar soni 67 967 nafarga, yaradorlar soni esa 170 179 nafarga yetgan. Sulh kuchga kirganidan buyon esa 381 kishi vayronalar ostidan chiqarib olingan. Hozir ham minglab jasadlar qulagan binolar ostida qolayotgani aytilmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp boshchiligida Misrda 13-oktyabr kuni G‘azo tinchlik bitimi imzolangan edi. Unda 20 dan ortiq davlat ishtirok etgan. Yahudiy hukumati bu kelishuvni tasdiqlaganidan so‘ng, Isroil qo‘shinlari “Sariq chiziq”qa chekingan. Har ikki tomon asirlarni vataniga qaytargan.








