Xorijda og‘ir ahvoldagi o‘zbekistonliklarga bir yil davomida 746 ming dollar ajratildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot, ularni mamlakatda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga jalb etish hamda Vatanga daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan ishlar davom ettirildi. Bu jarayon konsullik yordamini faqat huquqiy xizmat emas, balki davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida shakllantirishga xizmat qildi.
Yil davomida konsullik-huquqiy faoliyat doirasida:
— 162 376 nafar O‘zbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari ko‘rsatildi;
— 15 215 nafar yurtdoshimizning xorijda ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashildi;
— og‘ir moddiy vaziyatga tushib qolgan 4085 nafar fuqaroga 746 500 AQSH dollari miqdorida yordam ajratildi;
— xorijiy davlatlarning vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lgan 2000 nafar fuqaroning ozod etilishiga erishildi;
— murakkab hayotiy sharoitga tushgan, jumladan voyaga yetmaganlar, boquvchisiz qolgan shaxslar va odam savdosi qurbonlari bo‘lgan jami 250 nafar fuqaro vatanga qaytarildi.
Shuningdek, xorijdagi vatandoshlar ishtirokida 5500 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, ularga 100 000 ga yaqin yurtdoshlar jalb qilindi. Yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 154 181 ta murojaat qabul qilindi, belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi va amaliy yechimlar bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, chet el fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish uchun 188 299 ta viza rasmiylashtirildi.
Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, 2025-yil davomida Shavkat Mirziyoyev tomonidan xorijiy davlatlarga 28 ta tashrif amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, O‘zbekistonga oliy darajada 23 ta tashrif qabul qilindi. Mazkur tashriflar doirasida 7 ta davlat, 17 ta rasmiy, 27 ta amaliy tashriflar tashkil etildi. Natijada siyosiy muloqotlar mazmunan chuqurlashib, uzoq muddatli hamkorlik uchun kelishuvlar va amaliy mexanizmlar shakllantirildi.
Shu bilan birga, 20 ga yaqin xalqaro tadbirlarda davlat rahbarining ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol pozitsiyasi hamda mintaqaviy va global o‘rnini sezilarli darajada oshirgani qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilgan 10 ta nufuzli xalqaro tadbir dunyo hamjamiyatining mamlakatga bo‘lgan yuqori darajadagi ishonchini ifodaladi. Mamlakat tomonidan mintaqaviy hamkorlik va barqaror taraqqiyotga qaratilgan 100 ga yaqin muhim tashabbuslar ilgari surildi.
2025-yilda mamlakatga 600 dan ortiq yuqori darajadagi tashriflar hamda O‘zbekiston delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga 700 ga yaqin yuqori darajadagi tashriflari amalga oshirilgan.








