Daryo

Suriyada Asad davridagi ommaviy qabr bo‘yicha tergov ochildi

Amaldagi hukumat Damashq yaqinidagi cho‘lda joylashgan ommaviy qabrni o‘rganish uchun maxsus tergov guruhini tuzdi va hududni harbiy nazoratga oldi. 2027-yilda boshlanishi kutilayotgan eksgumatsiya ishlari orqali bedarak yo‘qolganlar taqdiriga oydinlik kiritish rejalashtirildi.

2 daqiqa o‘qish5 828 ko‘rishlar0 izoh1

Suriyaning amaldagi hukumati Bashar Asad diktaturasi davrida sodir etilgan jinoyatlarni yashirish maqsadida yaratilgan ommaviy qabrni qo‘riqlashga askarlarni safarbar qildi va jinoiy ish ochdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Gap poytaxt Damashq sharqida joylashgan Dumair cho‘lidagi maxfiy obyekt haqida bormoqda. Reuters surishtiruvlariga ko‘ra, Asad rejimi o‘z jinoyatlarini yashirish maqsadida minglab jasadlarni bu yerga yashirincha ko‘chirgan.

2018-yilda, Asad fuqarolar urushida g‘alaba qozonishga yaqin bo‘lgan va xalqaro hamjamiyatda o‘z nufuzini tiklashga uringan bir paytda, Damashq chekkasidagi Qutayfa shahrida joylashgan ommaviy qabrlarni yo‘q qilish bo‘yicha prezident saroyidan buyruq berilgan.

Maxfiy reja doirasida 2019-yildan 2021-yilgacha, haftasiga to‘rt kecha davomida yuk mashinalari Qutayfadan minglab jasadlarni kovlab olib, Dumair cho‘lidagi harbiy ombor hududiga tashigan. Ushbu logistika jarayonlariga polkovnik Mazen Ismander boshchilik qilgan. Jasadlarni tashigan yuk mashinalarini ta’mirlagan mexanik Ahmed G‘azal politsiyaga bergan ko‘rsatmasida ushbu mudhish jarayonning barcha tafsilotlarini so‘zlab bergan.

Yangi hukumat nazorati ostidagi obyekt

Asad rejimi ag‘darilgach (2024-yil dekabr), Dumair cho‘lidagi ushbu hududda yangi nazorat punkti o‘rnatildi. Endilikda obyektga kirish uchun Mudofaa vazirligidan maxsus ruxsatnoma talab qilinmoqda. Noyabr oyidan boshlab bu yerda harbiy harakatlar qayta tiklangan va obyekt qurol-yarog‘ ombori sifatida ham foydalanilmoqda. Reuters tahlil qilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ham noyabr oyi oxiridan boshlab asosiy baza hududida texnikalar harakati faollashganini tasdiqlamoqda.

Eksgumatsiya ishlari 2027-yilda boshlanadi

Bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha milliy komissiya hozirda xalqaro standartlarga javob beradigan laboratoriyalar tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlash bilan band. Komissiya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Dumair va mamlakatning boshqa hududlaridagi ommaviy qabrlarni ochish (eksgumatsiya) ishlari 2027-yilga rejalashtirilgan.

“Biz hozirda Asad davrida ushbu jinoyatlarga aloqador bo‘lgan gumonlanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni xavfsizlik xizmatlari qo‘lga kiritgan arxiv hujjatlari bilan solishtirmoqdamiz”, dedi tuman prokurori, sudya Zaman al-Abdulla.

Hozirda politsiya guvohlarni so‘roq qilish, hududni suratga olish va yer o‘lchov ishlarini yakunlagan. Reuters surishtiruvi doirasida koinotdan olingan tasvirlar va dron yordamida olingan suratlar tuproq tarkibi va rangi o‘zgarganini ko‘rsatib, jasadlar ko‘chirilganini isbotlovchi dalil sifatida tergovga taqdim etilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar