Daryo

Bashar Asadning yana bir amakivachchasi o‘limga hukm qilindi

46 yoshli Vasim Asad qariyb 14 yillik fuqarolar urushi davrida sodir etilgan vahshiyliklarda aybdor deb topildi. U sobiq hokimiyatga sodiq ikkita qurolli guruh tuzgani aniqlandi. Bu guruhlar Damashq yaqinidagi qonli hujumlarda qatnashgan.

2 daqiqa o‘qish8 812 ko‘rishlar0 izoh0

Suriya sudi 18-avgust kuni Vasim Assadga o‘lim jazosini tayinladi. U uzoq yillar mamlakatni boshqargan Bashar Asadning amakivachchasi hisoblanadi. Bashar Asadning o‘zi ham o‘tgan haftada sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

46 yoshli Vasim Asad qariyb 14 yillik fuqarolar urushi davrida sodir etilgan vahshiyliklarda aybdor deb topildi. Sudya Faxr ad-Din al-Aryan Asadning jiyani ko‘plab qotilliklarda ayblanganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, qiynoq va shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotilliklar insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sifatida baholangan. Shuning uchun u o‘lim jazosiga hukm qilindi.

Suriyada aprel oyida Bashar Asad va boshqa mulozimlarga nisbatan sud jarayonini boshlangan. Ular fuqarolar urushi paytidagi vahshiyliklarda ayblangan. Urush sobiq hokimiyat tomonidan demokratiya tarafdorlarining ayovsiz bostirilishi ortidan boshlangan edi. Oqibatda yarim milliondan ortiq odam halok bo‘ldi va millionlab kishilar o‘z uyini tashlab ketdi. O‘n minglab odamlar bedarak yo‘qoldi.

Sud Vasim Asad sobiq hokimiyatga sodiq ikkita qurolli guruh tuzganini aniqladi. Bu guruhlar poytaxt Damashq yaqinidagi qonli hujumlarda qatnashgan. Shuningdek, u fuqarolar urushi va mazhablararo nifoq keltirib chiqarishda ayblanib, aybdor deb topildi. Odamlarni ozodlikdan mahrum qilish hamda qiynoqqa solish ham uning ayblari sirasiga kiradi.

Biroq sud uni giyohvand moddalar kontrabandasi va savdosida aybsiz deb topdi. Chunki bunga yetarlicha dalil bo‘lmadi. Agar yangi dalillar paydo bo‘lsa, sud bu ishni qayta ko‘rib chiqadi. Hukm ustidan Suriyaning oliy sud organi bo‘lmish kassatsiya sudiga shikoyat qilish mumkin.

Suriyaning o‘tish davri rahbarlari sobiq hokimiyat davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun adolatni ta’minlashga va’da bergan. Vasim Asadning birinchi sud majlisi iyun oyi oxirida bo‘lib o‘tdi. U 2025-yilda Suriya va Livan chegarasi yaqinida tuzoqqa tushirilib, qo‘lga olingan edi.

Qimmatbaho mashinalar

U yuqori lavozimda ishlamagan bo‘lsa-da, AQSH Moliya vazirligi 2023-yilda Vasimga nisbatan sanksiya kiritgan edi. Amerikalik rasmiylarining bildirishicha, u harbiylashtirilgan bo‘linmaga rahbarlik qilgan va mintaqaviy narkotik savdosi tarmog‘ida muhim shaxs bo‘lgan.

Fuqarolar urushi paytida Vasim ijtimoiy tarmoqlarda qimmatbaho mashinalar yonida tushgan suratlarini joylagan. Ba’zan u harbiy kiyimda va qurol ushlagan holda ko‘rinish bergan. U boshqa qurolli shaxslar yonida paydo bo‘lib, ularni taxtdan ag‘darilgan rahbarga qarshi urushishga da’vat qilgan.

11-avgust kuni Suriya sudi Bashar Asadni fuqarolar urushi davridagi jinoyatlari uchun sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilgan. Bu yangi hokimiyat davridagi birinchi shunday hukm bo‘ldi. Shuningdek, olti nafar sobiq harbiy va xavfsizlik mulozimlari ham sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilingan. Ular orasida armiyaning elita 4-diviziyasiga rahbarlik qilgan Asadning ukasi Maher ham bor.

Sobiq xavfsizlik xizmati mulozimi Atef Najib — sud zalida bo‘lgan yagona shaxs edi. U Dara provinsiyasida siyosiy xavfsizlik rahbari bo‘lganida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi. Dara provinsiyasi Suriya qo‘zg‘olonining beshigi hisoblanadi.

Bashar Asad 2024-yil dekabr oyida bir nechta yaqin kishilari bilan Rossiyaga qochib ketgan. U yuqori martabali mulozimlar va xavfsizlik zobitlarini tashlab ketgan, ularning ba’zilari qo‘shni mamlakatlarga qochgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar