Prezident Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida yetakchilar bir-birlarini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ikki mamlakatning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi. Davlatimiz rahbari Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham salomini yoʻlladi.
Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlar doirasida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Barcha darajalardagi muloqotlar faol davom etayotgani qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi jadal oʻsib bormoqda. Energetika, sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi, transport sohalarida hamkorlik kengaymoqda. Shovot-Toshhovuz chegaraoldi savdo zonasi ishga tushirildi. Hududlararo, ishbilarmonlik, madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Mintaqaviy hamkorlikning asosiy masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Davlat rahbari Avazada yirik sammitlar, Ashxobodda Turkmaniston betarafligining 30 yilligi hamda “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” munosabati bilan tashkil etilgan forum muvaffaqiyatli oʻtkazilganini alohida taʼkidladi.
Kelgusi yilda bo‘lajak uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy tadbirlarni birgalikda o‘tkazishni davom ettirishga kelishib olindi.
Shavkat Mirziyoyev 11-dekabr kuni Ashxobod shahriga kelgach, turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazgan edi.








