Daryo

“Qamoqxonadagi bosimlarga chidolmasdan urushga bordim”. Rossiya tomonida urushga qatnashgan marg‘ilonlik yigitning ozodligi 3 yilga cheklandi

Farg‘onalik yigit urushga borish evaziga ozodlik, Rossiya fuqaroligi, uy-joy va mashina taklifini ham rad qilgan. Qamoqxona ma’muriyati asossiz ayblar bilan muddatini uzaytirib, karserga joylashtirib, dam olishga xalaqit qilgani ortidan sog‘lig‘i yomonlashgani uchun urushda qatnashishga majbur bo‘lgan.

3 daqiqa o‘qish6 337 ko‘rishlar0 izoh5

Rossiya-Ukraina urushida qatnashib, dronlar hujumi oqibatida jiddiy yaralangan marg‘ilonlik fuqaroga sud hukmi o‘qildi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Aniqlanishicha, 1992-yilda tug‘ilgan M.A. 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining turli hududlarida yashagan. So‘nggi marotaba 2022-yilning may oyida Sochi shahriga borgan. Bu yerda u olti oy davomida qurilishda hamda qo‘shimcha daromad orttirish uchun “Ozon” onlayn savdo platformasida yetkazib beruvchi bo‘lib ishlagan.

27-dekabr kuni navbatdagi buyurtmani manzilga yetkazayotganida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uni to‘xtatib, hujjat so‘ragan. Biroq hujjatlari yo‘qligi sababli xodimlar buyurtmani tekshirib, uning ichidan 2 gramm giyohvandlik vositasini topgan.

Shunga asosan 2023-yil may oyida Rossiya sudi tomonidan unga nisbatan 6 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Jazoni o‘tash uchun Novosibirsk shahridagi 18-sonli qattiq tartibli koloniyaga yuborilgan.

Sudlanuvchining ko‘rsatmasi

M.A. jazoni o‘tayotgan vaqtida unga qamoqxona ma’muriyati tomonidan to‘rt marotaba Rossiya Qurolli kuchlari safida Ukrainaga qarshi urushda qatnashish taklifi berilganini ma’lum qilgan.

Buning evaziga esa uni ozodlikka chiqarish, Rossiya fuqaroligini berish, uy-joy va avtotransport vositasi bilan ta’minlash va’da qilingan. Shunga qaramasdan u takliflarni rad etib kelgan.

“Har safar rad etganimda menga nisbatan turli asossiz ayblar, qoidabuzarliklarni qayd etishib, qamoq muddatini uzaytirish bilan tahdid qilishardi. Bundan tashqari karserga joylashtirib, tunda uxlamasligim uchun har xil shovqin-suronlar ko‘tarishardi. Ikki yil davomida barchasiga chidadim, ammo ahvolim og‘irlashib borgani sari oxirigacha chidashga sabrim yetmadi. O‘tgan yilning 12-avgust kuni ularning taklifiga ko‘nishga majbur bo‘lib, shartnoma imzoladim”, deydi M.X. o‘z ko‘rsatmasida.

M.X. Rostov viloyatida 14 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgani hamda 18–21-sentyabr kunlari Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda ishtirok etganini so‘zlab berdi. 21-sentyabr kuni sheriklari bilan xarita asosida yo‘lda harakatlanayotganida dronlar hujumiga uchragan.

Dronlarga qarshilik ko‘rsatilayotgan vaqtda sherigi adashib unga o‘q uzishi oqibatida o‘q yuzini teshib o‘tib, jiddiy jarohat olgan. Shundan so‘ng, bir oydan ortiq vaqt davomida harbiy shifoxonalarda davolangan.

Oktyabr oyi oxirlarida O‘zbekistonning Sankt Peterburg shahridagi konsulligiga uchrab, vatanga qaytishda yordam so‘ragan hamda ularning ko‘magi bilan uyga kelgan.

Sud hukmi

Sud hukmi bilan M.X. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan hamda JKning 57-moddasi qo‘llanib, unga nisbatan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Shuningdek, M.A.ning zimmasiga yashash va ish joyini o‘zgartirmaslik, Farg‘ona viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik, aloqa vositalaridan, shu jumladan internetdan foydalanmaslikdan iborat qo‘shimcha taqiqlar yuklatilgan.

Avvalroq Rossiya Qurolli kuchlari safida yollanma xizmatchi sifatida Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan 19 yoshli bekobodlik yigit 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingandi. Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi urushda qatnashib, mina portlashi natijasida yaralangan namanganlik fuqaroga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi. Rossiya harbiy gospitalida ishlagan o‘zbekistonlik erkak 4 yilga ozodlikni cheklash bilan jazolangandi.

  • O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish taqiqlangan

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi. Urushga odamlarni yollash, ularni o‘qitish va ulardan harbiy harakatlarda foydalanish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lishga olib keladi. Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollangan O‘zbekiston fuqarolari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar