AFP agentligining Isroil rasmiysiga tayanib xabar berishicha, Binyamin Netanyaxu 29-dekabr, dushanba kuni Qo‘shma Shtatlarning Florida shtatida bo‘lib, Donald Tramp bilan uchrashadi. Bu Isroil bosh vazirining Oq uy rahbari bilan uchrashish uchun yil boshidan buyon AQSHga qilgan beshinchi safari hisoblanadi.
Benyamin Netanyaxu hamda Donald Trampning uchrashuvi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bitimning ikkinchi bosqichiga o‘tish uchun harakatlar borayotgan bir vaqtda to‘g‘ri kelmoqda. Isroil bosh vazirining Qo‘shma Shtatlarga kelishi haqida avvalroq Oq uy rahbari jurnalistlarga ma’lum qilgandi.
Yedioth Ahronoth nashriga ko‘ra, uchrashuvda Eron, Suriya bilan muzokaralar, “Hizbulloh”, shuningdek G‘azo tinchlik bitimining keyingi bosqichlari muhokama qilinishi kutilmoqda.“U meni ko‘rishni istayapti. Hozircha rasmiy kelishuv yo‘q, ammo uchrashishni xohlaydi”, degan Tramp Mar-a-Lago qarorgohiga jo‘nab ketishidan oldin.
Omonat tinchlik
AQSH vositachiligi bilan oktyabr oyida imzolangan kelishuv ikki yildan buyon intensiv janglar borayotgan G‘azoga tinchlik olib keldi. Ammo sulh hozircha juda mo‘rt bo‘lib, tomonlar bitimning ikkinchi bosqichini boshlashi lozim. Ammo jarayon juda sekin bormoqda. Qolaversa Isroil, otashkesimga qaramay, sulh shartlarini buzib, 400 ga yaqin falastinlikning hayotiga zomin bo‘ldi.
Mazkur kelishuvning ikkinchi bosqichiga muvofiq HAMAS qurollarini topshirishi, Isroil qo‘shinlari G‘azodan olib chiqishi hamda anklavga tartibni saqlash uchun xalqaro kontingent joylashtirilishi kerak bo‘ladi. Axios nashrining yozishicha, Tramp va Netanyaxu uchrashuvi sulhning keyingi bosqichlariga o‘tish uchun hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Nashrning Oq uy rasmiylariga tayanib ma’lum qilishicha, Tramp ma’muriyati G‘azoda imkon qadar tezroq texnokrat hukumat tuzishni va anklavga xalqaro kuchlarni joylashtirishni xohlaydi. Manbaga ko‘ra, AQSH prezidentining yuqori martabali maslahatchilari Netanyaxu omonat sulhni xavfga qo‘yuvchi qadamlar qo‘yayotganidan va tinchlik jarayonini sekinlashtirayotganidan norozilik bildiryapti.








