O‘zbekistonda Yangi yil munosabati bilan xodimlarga bayram mukofotini berish majburiymi? Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi mamlakat qonunchiligiga tayanib bu masalaga aniqlik kiritdi.
Mehnat kodeksining 252-moddasiga (ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega toʻlovlar) ko‘ra, mukofot va boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar tartibi ish beruvchi tomonidan belgilanadi hamda jamoa shartnomasi yoki ichki hujjat bilan rasmiylashtiriladi.
“Agar ichki hujjatda barcha xodimlarga bayram munosabati bilan mukofot berish majburiyati belgilangan bo‘lsa, ish beruvchi uni berishi shart. Aks holda, bu qarzdorlikni keltirib chiqaradi. Agar bunday majburiyat ichki hujjatlarda ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, mukofot berish majburiy emas, u ixtiyoriy hisoblanadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, mukofotlashda kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mehnat kodeksining 4-moddasiga (mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash prinsipi) ko‘ra, jins, yosh, lavozim yoki mehnat natijalariga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar asosida farqlash kamsitish hisoblanadi.
O‘zbekistonliklar Yangi yil munosabati bilan ketma-ket 5 kun dam olishi kutilmoqda. Prezident qarori loyihasi bilan 2025-yil 31-dekabrdan 2026-yil 4-yanvarga qadar dam olish kuni bo‘lishi rejalashtirilgan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri matbuot kotibi Gulnoza Alimova hozirgi kunda ushbu takliflar rad etilmaganini bildirib, ijtimoiy tarmoqlardagi aholini kayfiyatiga ta’sir etuvchi, ya’ni qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilanmasligi haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmaslikni so‘ragandi.








