O‘zbekiston terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida mezbon Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuv 2026-yilning 1-iyun sanasida Kanadaning Edmonton shahrida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada futbol assotsiatsiyasi O‘zbekiston bilan sparring o‘yini tashkil qilish taklifi bilan chiqqani haqida xabar berilgan edi. Shimoliy Amerika jamoasi bu bahsni o‘tkazish uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga 50 ming dollar taklif qilgani aytilgandi.
Ma’lumot uchun, Kanada Jahon chempionatining “B” guruhidan joy olgan bo‘lib, Qatar, Shvetsariya hamda pley-off g‘olibi (Italiya, Bosniya va Gersegovina, Irlandiya hamda Uels) ularga raqiblik qiladi. O‘zbekiston esa “K” guruhida Portugaliya, Kolumbiya hamda qit’alararo pley-off g‘olibi (Kongo – Yamayka/Yangi Kaledoniya) bilan o‘ynaydi.








