Daryo

Hamzat Chimayev Chechenistonda yil sportchisi deb topildi

Unga mukofotni Ramzan Qodirov va uning o‘g‘li, Checheniston sport vaziri Ahmad Qodirov topshirgan.

2 daqiqa o‘qish11 314 ko‘rishlar0 izoh3

UFCning o‘rta vazn (-84 kg) toifasida amaldagi Jahon chempioni, asli rossiyalik, biroq janglarda Birlashgan Arab Amirliklari bayrog‘i ostida ishtirok etuvchi Hamzat Chimayev Chechenistonda 2025-yilning eng yaxshi sportchisi deya e’tirof etildi. Unga ushbu mukofotni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va uning o‘g‘li, respublika sport vaziri Ahmad Qodirov topshirgan.

“Hamzat Xizarovich Chimayev zamonaviy aralash jang san’ati bo‘yicha eng yorqin va natijali jangchilardan biridir. Yorqin chiqishlari va ajoyib g‘alabalari uni nafaqat sport olamida yulduzga aylantirdi, balki butun respublika uchun faxr va ilhom manbayiga aylantirdi. Qattiq iroda, mehnatsevarlik va g‘alabaga intilish unga haqqoniy ravishda yilning eng yaxshi sportchisi unvonini olib keldi”, deyiladi respublika Sport vazirligi xabarida.

Avvalroq, Checheniston rahbari UFC’ning o‘rta vazn toifasida mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib, chempionlikni qo‘lga kiritgan 31 yoshli Hamzat Chimayevni Maybach avtomobili bilan mukofotlagan edi.

Ma’lumot uchun, Hamzat Chimayev 2025-yil 17-avgust kuni AQSHning Illinoys shtati, Chikago shahrida bo‘lib o‘tgan UFC 319 turnirida janubiy afrikalik Drikus Dyu Plessis ustidan g‘alaba qozonib, chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan edi.

Shu tariqa, Chimayev UFC tarixida mag‘lubiyatsiz chempionlikni qo‘lga kiritgan 16-jangchiga aylangan. Hamzat MMA’dagi professional faoliyati davomida 15 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida raqiblarini mag‘lub etgan.

Chimayev 1994-yil 1-may kuni Chechenistonda tug‘ilgan bo‘lib, 2020-yilda UFC’da debyut qilgan va 66 kun ichida 3 ta jangda raqiblarini nokautga uchratib, o‘ziga xos rekord qayd etgan.

2021-yil mart oyida Hamzat koronavirus infeksiyasidan keyin asoratlar paydo bo‘lgani sababli faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan. Bunga sportchiga qo‘yilgan saraton tashxisi sabab bo‘lgan edi. Biroq qayta tekshiruvlardan so‘ng Chimayevda saraton aniqlanmagach, oradan uch hafta o‘tib, yana sportchilik faoliyatini davom ettirgan.

U UFC’ning yarim o‘rta (77 kg) va o‘rta (84 kg) vazn toifalarida jang qilib, Jerald Myortshart, Li Jinglian, Gilbert Byorns, Kevin Holland, Kamaru Usman, Robert Uittaker va Drikus Dyu Plessisni mag‘lub etgan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar