O‘zbekiston terma jamoasi hamda “Bashakshehir” hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiya chempionatining eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Hujumchi 17-turdan o‘rin olgan “Gaziantep”ga qarshi bahsdan keyin ushbu holat bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Shomurodov “Onuachu, Ikardi va Taliska kabi futbolchilar sizdan keyingi o‘rinlarda. Bu raqobat haqida nima deya olasiz?”, degan savolga quyidagicha javob berdi:
“Gollar bo‘yicha raqobatda bo‘lish men uchun yoqimli, lekin eng muhimi — jamoaviy g‘alabalar va turnir jadvalida yuqori o‘rinlarni egallash”, dedi Shomurodov “Gaziantep”ga qarshi bahsdan keyin.
Ma’lumot uchun, Turkiya Superligasining 17-turidan keyin Eldor Shomurodov 12 gol va 3 assist bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. O‘zbekistonlik futbolchining to‘purarlar poygasidagi eng yaqin ta’qibchisi Pol Onuachu hisoblanadi. Ayni paytda Nigeriya terma jamaosi hujumchisi hisobida 11 ta gol va 1 assist bor.
Ayni paytda “Bashakshehir” chempionat turnir jadvalida 23 ochko bilan 7-pog‘onani egallab turibdi. Istanbul klubi yetakchi “Galatasaroy”dan 19 ochko ortda qolmoqda.








