Daryo

Ukraina parlamentida saylov o‘tkazish uchun ishchi guruh tuziladi

Guruh urush holatida saylov o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqadi.

1 daqiqa o‘qish4 214 ko‘rishlar0 izoh1

Ukraina parlamenti harbiy holat davrida prezidentlik saylovlarini o‘tkazish imkoniyatlarini baholash uchun maxsus ishchi guruh tuzmoqda. Bu haqda mamlakat hukmron “Xalq xizmatkori” partiyasi fraksiyasi rahbari David Araxamiyaga tayanib, TRT World xabar berdi.

Araxamiyaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu masala bo‘yicha muhokamalar Oliy Rada (parlament)ning Davlat hokimiyati, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish, mintaqaviy rivojlanish va shaharsozlikni rejalashtirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda olib boriladi. Ishchi guruh tarkibiga quyidagilar kirishi kutilmoqda:

  • parlamentdagi barcha fraksiya va guruhlar vakillari;
  • Ukraina Markaziy saylov komissiyasi a’zolari;
  • saylov masalalari bilan shug‘ullanuvchi jamoat tashkilotlari ekspertlari.

“Yig‘ilish o‘tkaziladigan sana va vaqt yaqin orada e’lon qilinadi”, dedi Araxamiya.

Zelenskiy: “Men tayyorman”

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy dekabr oyi boshida, agar xavfsizlik va huquqiy sharoitlar ta’minlansa, 60-90 kun ichida saylov o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan edi. U AQSH va Yevropadagi hamkorlarini urush davrida ovoz berish jarayoni uchun zarur muhitni yaratishda yordam berishga chaqirgan.

Zelenskiy saylovdan siyosiy manfaat yo‘lida qochayotgani haqidagi iddaolarni rad etgan. Uning ta’kidlashicha, urushning davom etishi kim hokimiyatda ekaniga bog‘liq emas. Shuningdek, prezident qonunchilarga urush davrida saylov o‘tkazishga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlarni tayyorlash bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qilgan.

Trampning bosimi va harbiy holat cheklovlari

Ukraina hukumatining bu qadamlari AQSH prezidenti Donald Trampning bayonotlaridan so‘ng faollashdi. Tramp Politico nashriga bergan intervyusida Ukrainada saylov o‘tkazish vaqti kelganini aytgan edi. U Kiyevni saylov o‘tkazmaslik uchun urushdan foydalanmoqda deb ayblab, bu Ukraina demokratiyasiga putur yetkazishi haqida ogohlantirgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Ukrainada 2022-yil 24-fevralda Rossiya bosqini boshlanganidan buyon harbiy holat tartibi amal qilib kelmoqda. Ushbu chora bir necha bor, oxirgi marta 2024-yilning noyabr oyida uzaytirilgan edi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, harbiy holat davrida saylovlar o‘tkazilishi taqiqlangan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar