Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Xabi Alonso Ispaniya La Ligasi 17-turidan o‘rin olgan “Sevilya”ga qarshi (2:0) o‘yin paytida Vinisiusga nisbatan bo‘lgan hushtakbozlik bo‘yicha izoh berdi.
Braziliyalik futbolchi uchrashuvning 83-daqiqasida zaxiraga olindi. U maydondan chiqib ketayotgan paytda muxlislar turli harakatlar bilan o‘z noroziligini bildirdi. Biroq Viniusius muxlislarning bu noroziligiga hech qanday javob qaytarmadi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida klub bosh murabbiyi Xabi Alonso ushbu vaziyatga to‘xtalib, muxlislar o‘z fikrini erkin ifoda etishga haqli ekanligini ta’kidladi:
“Muxlislar o‘z fikrini bildirishga haqli. Bugungi o‘yin qiyin kechdi, lekin biz o‘yinimizni yanada yaxshilashimiz kerakligini tushunib turibmiz. Shu bilan birga, jamoaning hozirgi holatini ham e’tirof etish kerak. Futbolchilar bugun yaxshi o‘ynashdi. Endi tanaffusdan foydalanib, yangi yilni ishonch bilan boshlaymiz”, deydi ispaniyalik mutaxassis.
Ma’lumot uchun, ayni paytda “Real” Ispaniya chempionati turnir jadvalida 42 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa yetakchi “Barselona”dan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda.








