Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Xitoydan olib kelingan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari chegarada asossiz ushlab qolinayotgani haqida xabarlar va murojaatlar yuzasidan Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi izoh berdi.
Qayd etilishicha, Xitoy Bosh bojxona maʼmuriyati bilan kelishuv asosida qalbaki fitosanitar sertifikat orqali mahsulotlar importining oldini olish maqsadida yangi namunadagi sertifikat tasdiqlangan.

Yangi sertifikatda tegishli xalqaro standartga muvofiq mahsulotning markirovka raqamini koʻrsatish shart qilib qoʻyilgan. Fitosanitar sertifikatlarning haqqoniyligi Xitoyning “E-Cert” elektron tizimi orqali tekshiriladi, bu esa jarayon shaffof va tezkor boʻlishini taʼminlaydi.
Shu bilan birga, ushbu xorijiy mamlakatdan import qilinadigan mandarin mahsuloti uchun alohida reyestr shakllantirilgan boʻlib, tegishli hududlarning fitosanitar xavfsizligi tasdiqlangan.
Bunda import qilinadigan mandarinlar uchun sertifikatda taʼminotchi bogʻning roʻyxatdan oʻtgan raqami hamda qadoqlash korxonasining roʻyxatdan oʻtgan raqami koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Bishkekda 16-dekabr kuni Xitoy—Qirgʻiziston—Oʻzbekiston temiryoʻlini qurish loyihasini moliyalashtirish boʻyicha kredit bitimi imzolangani xabar qilingandi.








