Daryo

Venesuela Trampning tahdidlari fonida dengizga harbiy kemalarini olib chiqdi — NYT

Harbiy kemalar neft ortilgan tankerlarni kuzatib boradi. Tramp sanksiyalangan neft tankerlari uchun Venesuelaga kirish va chiqishga blokada joriy etgandi.

1 daqiqa o‘qish10 774 ko‘rishlar0 izoh4

Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro harbiy-dengiz kuchlariga mamlakat portlaridan neft mahsulotlarini olib chiqayotgan kemalarga hamrohlik qilib, ularni kuzatib qo‘yishni buyurdi. Bu qaror AQSH bilan ochiq dengizda to‘qnashuv xavfini kuchaytirishi mumkin. Sababi prezident Donald Tramp sanksiyalar ostidagi barcha neft tankerlarining Venesuelaga kirishi va undan chiqishiga “to‘liq va mutlaq” blokada joriy etgandi.

Manbalarga ko‘ra, 16-dekabr kuni kechqurun va 17-dekabr kuni ertalab Venesuela harbiy-dengiz kuchlari hamrohligida bir nechta kema Venesueladan Osiyo tomon suzib ketgan. Tijorat kemalarining hech biri AQSH nishonga olish bilan tahdid qilayotgan sanksiyalangan tankerlar ro‘yxatida yo‘q.

“Venesuelaning Karib dengizi sohilidagi Xose portidan chiqqan uchta kemada karbamid, neft koksi (neftdan olingan uglerod) va neftga asoslangan boshqa mahsulotlar bor edi”, dedi tranzit bilan tanish bo‘lgan ikki kishi.

AQSH rasmiysi Vashington bundan xabardorligini va turli variantlarini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Tramp ma’muriyati o‘tgan hafta bir tankerni qo‘lga olgani va “blokada” e’lon qilgani fonida voqealar tez rivojlanib, to‘qnashuv ehtimolini oshirdi. So‘nggi oylarda Tramp Venesuelaga bosim o‘tkazish kampaniyasini kuchaytirgan bo‘lsa-da, Maduro hozirgacha bunga kuch bilan javob bermagan edi.

“Biroq AQSH Venesuela iqtisodiyotining asosiy tayanchi bo‘lgan neft daromadlarini qisqartirish, tankerlar harakatini cheklash va neftni musodara qilishga urinayotgan bir paytda bu pozitsiya sinovdan o‘tmoqda”, deyiladi xabarda.

Tramp yillar davomida Venesuela va Yaqin Sharq neftini qo‘lga kiritish g‘oyasini bir necha bor tilga olgan. 2025-yilda esa uning maxsus vakillaridan biri yashirin muzokaralarda Madurodan AQSH neft kompaniyalariga kengroq imkoniyat berishni talab qilgan. Rasmiy bayonotlarda bu siyosat narkotiklar savdosiga qarshi kurash sifatida ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, aslida Venesuela nefti Maduroni hokimiyatdan chetlatishga qaratilgan bosim kampaniyasining markaziga aylangan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar