AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z maslahatchilariga Eronni iqtisodiy jihatdan uzoq vaqt blokada qilishga tayyorlanish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda Oq uy rasmiylariga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.
27-aprel kuni Oq uyda o‘tkazilgan maxfiy yig‘ilishda Tramp Eron portlariga yuk tashishni butunlay to‘xtatish orqali mamlakat iqtisodiyotini “bo‘g‘ish”da davom etishga qaror qildi. Prezidentning fikricha, qayta bombardimon qilish yoki urushni butunlay tugatish hozirgi blokadadan ko‘ra xavfliroqdir.
Biroq bu qarorning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Sababi Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi ortidan dunyoda yonilg‘i narxi oshib bormoqda. Trampning reytingi va respublikachilarning saylovdagi imkoniyatlari pasaymoqda.
“Tramp Eronning barcha yadroviy ishlanmalarini to‘xtatishini talab qilmoqda. Eron tomonidan taklif qilingan uch bosqichli reja Trampga ma’qul kelmadi. U Tehronni muzokaralarda samimiy emaslikda aybladi”, deyiladi xabarda.
Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida blokada Eronni halokat yoqasiga itarayotganini yozdi. AQSH rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Eron sotilmagan neftni saqlashga joy topa olmay qiynalmoqda.
Ekspertlar nima deydi?
Bruking instituti eksperti Syuzan Maloni vaziyatni quyidagicha baholadi:
“Eron hukumati o‘z xalqini iqtisodiy qiyinchiliklarga mahkum qilishga tayyor. Ular AQSHning energetik inqirozga bardoshi yetmaydi, deb hisoblamoqda”.
Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli esa “Epik g‘azab” operatsiyasi harbiy maqsadlariga erishganini va blokada sababli AQSH muzokaralarda ustunlikka ega ekanini ta’kidladi.
Muzokaralar nega to‘xtab qoldi?
O‘tgan dam olish kunlari Pokistonda AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar o‘tishi kutilgan edi. Ammo jarayon to‘xtab qoldi. Eron tomoni yangi taklif kiritishdan oldin oliy rahnamo Mojtaba Xomanaiy bilan maslahatlashib olish uchun vaqt so‘ragani aytilmoqda.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio vaziyatni yanada murakkablashtiruvchi omilni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Erondagi ashaddiy konservatorlar har qanday diplomatik urinishga to‘sqinlik qilmoqda.
“Hozircha Tramp ‘kelishuv ham yo‘q, urush ham yo‘q’ holatida qolishni afzal ko‘rmoqda”, deb yozdi The Wall Street Journal.
Ammo Eron bu vaziyatni buzish uchun mintaqadagi energiya obyektlariga yoki AQSH kemalariga hujum qilishi mumkin degan xavotirlar mavjud.
Tramp AQSH delegatsiyasining Pokistonga safarini bekor qildi
Tramp o‘tgan hafta Eron boʻyicha muzokaralar uchun Islomobodga ketishi kerak boʻlgan ikki vakilining safarini bekor qildi.
Vashington tomonidan muzokaralarda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner qatnashishi kerak edi. Prezident Eronning muzokaralardagi pozitsiyasi sababli tashrifni bekor qilganini aytdi.
Biroz avval odamlarim uchishga shaylanib turganida ularga: “Yo‘q, u yerga 18 soat uchib bormaysizlar. Barcha “kozir” kartalar bizning qo‘limizda. Ular bizga istalgan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishi mumkin, ammo sizlar shunchaki hech narsani muhokama qilib o‘tirish uchun boshqa 18 soatlik parvozlarni amalga oshirmaysiz, dedim, deya Trampning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Fox News.








