Daryo

Isroil Misr bilan tarixdagi eng yirik gaz kelishuviga erishdi

Netanyaxu 35 mlrd dollarlik kelishuvni olqishlab,“boshqa yoqimli syurprizlar ham bo‘lishi”ni ma’lum qildi.

1 daqiqa o‘qish5 510 ko‘rishlar0 izoh1

Isroil va Misr o‘rtasida 35 milliard dollarlik tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha yirik shartnoma imzolandi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ushbu kelishuvni “mamlakat tarixidagi eng yirik tabiiy gaz shartnomasi” deb atadi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, shartnoma doirasida tushadigan daromadning taxminan 18 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat byudjetiga yo‘naltiriladi. U Misr bilan erishilgan kelishuv Isroilning energetika sohasidagi mintaqaviy mavqeyini sezilarli darajada mustahkamlashini aytdi. Bosh vazir nutqini “yana boshqa yoqimli syurprizlar ham bo‘ladi” degan so‘zlar bilan yakunladi.

Kelishuvga ko‘ra, gaz O‘rta Yer dengizidagi Leviafan gaz konidan eksport qilinadi. 2040-yilgacha Misrga jami 130 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Mazkur bitim Leviafan konini kengaytirish loyihasiga yo‘l ochadi. Kengaytirishdan ko‘zlangan maqsad Isroil ichki bozorini kamida 2060-yillar o‘rtalarigacha tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlashdir.

Leviafan gaz konining umumiy zaxiralari qariyb 600 milliard kub metr deb baholanadi. Bu kondan gaz qazib olish 2020-yilda boshlangan. O‘shandan beri ishlab chiqarilgan gazning sezilarli qismi Misr va Iordaniyaga eksport qilinmoqda. Isroil va Misr o‘rtasida gaz bo‘yicha dastlabki yirik kelishuv 2019-yilda, 60 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha imzolangan edi.

So‘nggi ikki yil davomida, 2023-yil 7-oktyabr kuni HAMAS tomonidan amalga oshirilgan hujum va undan keyin G‘azoda boshlangan urush fonida, Isroil va Misr o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ushbu vaziyatni yumshatishga intilmoqda. Vashington bu sa’y-harakatlar Isroil va uning mintaqadagi qo‘shnilari o‘rtasida boshqa muhim kelishuvlarga ham yo‘l ochishiga umid qilmoqda.



Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar