Daryo

Tramp 39 ta davlat fuqarolari uchun AQSHga kirishni chekladi

Yettita davlat fuqarolari uchun to‘liq, 15 ta davlat fuqarolari uchun esa qisman sayohat cheklovlari joriy etildi. Falastin va Turkmaniston fuqarolari bo‘yicha ham tartiblar o‘zgartirildi.

2 daqiqa o‘qish14 899 ko‘rishlar0 izoh3

AQSH prezidenti Donald Tramp sayohatga to‘liq yoki qisman cheklovlar qo‘llanadigan davlatlar ro‘yxatini 39 taga kengaytiruvchi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy ma’lumotiga tayanib CNN xabar berdi. 

Dastlab ushbu ro‘yxatda 19 ta davlat bor edi. Farmonga ko‘ra, to‘liq sayohat taqiqi qo‘llanadigan davlatlar soni 7 taga oshdi. Ularga Laos, Serra Leone, Burkina Faso, Mali, Niger, Janubiy Sudan va Suriya kiradi. Laos va Serra Leone avval qisman cheklovlar ostida bo‘lgan.

Shuningdek, qisman cheklovlar joriy etiladigan yana 15 ta davlat ro‘yxatga kiritildi. Angola, Antigua va Barbuda, Benin, Kot-d’Ivuar, Dominika, Gabon, Gambiya, Malavi, Mavritaniya, Nigeriya, Senegal, Tanzaniya, Tonga, Zambiya va Zimbabve shular jumlasidandir.

Dekabr oyi boshida AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Tramp ma’muriyatiga ro‘yxatni 30–32 ta davlatgacha kengaytirishni tavsiya qilgan edi. Ro‘yxatga kiritilgan davlatlar fuqarolari AQSHga sayohat qilishda cheklovlarga duch keladi. Oq uyga ko‘ra, ushbu mamlakatlar “tekshiruv, saralash va axborot almashish tizimlarida jiddiy kamchiliklarga ega”.

Farmon, shuningdek, Falastin ma’muriyati tomonidan berilgan sayohat hujjatlariga ega shaxslarga nisbatan ham cheklovlar joriy etadi. Shu bilan birga, Turkmaniston fuqarolari uchun noimmigrant vizalarga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi, biroq turkman fuqarolarining mamlakatga kirishi bo‘yicha cheklovlar saqlanib qoladi.

  •  Doimiy yashash huquqiga ega shaxslar, amalda bo‘lgan vizasi borlar, ayrim viza toifalari hamda kirishi AQSH milliy manfaatlariga xizmat qiladigan shaxslar uchun istisnolar nazarda tutilgan.

Avvalroq 12 ta davlat — Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolarining AQSHga kirishi taqiqlangandi. Shuningdek, Burundi, Kuba, Laos, Serra Leone, Togo, Turkmaniston va Venesueladan kirishlar qisman cheklangan edi.

Davlatlar ro‘yxatining kengaytirilishi Tramp ma’muriyati immigratsiyaga qarshi choralarni kuchaytirayotgan bir paytda e’lon qilindi. Bu choralar Vashingtonda yuz bergan otishma oqibatida Milliy gvardiyaning bir a’zosi halok bo‘lib, yana biri og‘ir yaralangani bilan izohlanmoqda. Mazkur hujum afgʻonistonlik migrant tomonidan sodir etilgan edi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar