Daryo

AQSH 30 dan ortiq mamlakatga sayohat taqiqini joriy etadi

Mamlakat iyun oyida 12 ta davlatga mazkur turdagi taqiqni qo‘llagan edi. Milliy xavfsizlik vaziri bu ro‘yxatdagi mamlakatlar soni 30 dan oshishini ma’lum qildi.

1 daqiqa o‘qish11 466 ko‘rishlar0 izoh5

AQSH sayohat taqiqi qo‘llaniladigan mamlakatlar sonini 30 dan oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 4-dekabr kuni Qo‘shma Shtatlar Milliy xavfsizlik vaziri Kristi Noem ma’lum qildi.

Noem Fox News telekanaliga bergan intervyusida, prezident Donald Tramp ma’muriyati taqiq ro‘yxatidagi mamlakatlar sonini 32 taga yetkazishi haqidagi savolga javob bergan. Ta’kidlanishicha, taqiq immigrantlar (ko‘chib keluvchilar) va non-immigrantlarga (masalan, sayyohlar, talabalar, ishbilarmonlar) nisbatan birdek qo‘llaniladi.

“Aniq raqamni ayta olmayman, lekin taqiq 30 dan oshiq davlatga qo‘llaniladi. Prezident mamlakatlarni baholashda davom etmoqda”, degan vazir.

Noem taqiq ro‘yxatiga qaysi mamlakatlar qo‘shilishi haqida aniqlik kiritmagan, biroq sabablarni ochiqlagan.

“Agar mamlakatlarda barqaror hukumat bo‘lmasa va o‘z-o‘zini ta’minlay olmasa, nega ushbu davlatlarning aholisini Qo‘shma Shtatlarga kelishiga ruxsat berishimiz kerak?”, degan u.

Ma’lumot o‘rnida, iyun oyida Tramp 12 ta davlat fuqarolarining Qo‘shma Shtatlarga kirishini butunlay taqiqlovchi va yana 7 ta davlat fuqarolariga nisbatan cheklovlar o‘rnatuvchi farmonni imzolagan edi. Bu cheklovlar “xorijiy terroristlar” va boshqa xavfsizlik tahdidlaridan himoyalanish zarurligi bilan asoslangan.

Taqiq ro‘yxatning kengaytirilishiga o‘tgan hafta Oq uy yonida ikki Milliy gvardiya a’zosining otib o‘ldirilishi sabab bo‘lmoqda. Aynan shu sabab Tramp migratsiya choralarini yanada kuchaytirmoqda. Ushbu otishmadan bir necha kun o‘tib, Tramp barcha “uchinchi dunyo mamlakatlari”dan migratsiyani to‘xtatishini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, 19 ta davlat fuqarolaridan immigratsiya bo‘yicha arizalar qabul qilinishi to‘xtatilgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar