Daryo

Niger AQSH fuqarolariga viza berishni to‘xtatdi

Cheklov Qo‘shma Shtatlarning Nigerga nisbatan viza tartibini o‘zgartirishi sabab qabul qilindi. Taqiq doimiy va uzil-kesil amal qiladi.

1 daqiqa o‘qish5 778 ko‘rishlar0 izoh2

Niger hukumati AQSH fuqarolariga mamlakatga kirish vizalarini berishni to‘xtatdi. Bu haqda Niger diplomatik manbalariga tayanib, Nigerien Press Agency xabar berdi.

Cheklovlar doimiy va uzil-kesil

Diplomatik manbaning aniqlik kiritishicha, ushbu qaror AQSH Nigerga nisbatan viza tartibini o‘zgartirishi va mamlakatni kirish vizasi olish huquqiga ega bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatiga kiritganidan so‘ng qabul qilingan.

“Niger barcha Amerika fuqarolariga viza berishni mutlaqo va doimiy ravishda taqiqlaydi hamda AQSH fuqarolarining o‘z hududiga kirishini muddatsiz man etadi”, dedi manba.

“Diplomatik javob” 

Niger davlatining ushbu qarori xalqaro munosabatlardagi o‘zaro javob qaytarish tamoyiliga asoslangan. Rasmiylarning bildirishicha, bu qadam milliy suverenitetni qaror toptirish dinamikasining bir qismi bo‘lib, mamlakat diplomatik siyosatidagi o‘zgarishlarni aks ettiradi.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH prezidenti Donald Tramp dekabr oyi o‘rtalarida sayohatga to‘liq yoki qisman cheklovlar qo‘llanadigan davlatlar ro‘yxatini 39 taga kengaytiruvchi farmonni imzolagan edi. Dastlab ushbu ro‘yxatda 19 ta davlat bor edi. So‘nggi farmonga ko‘ra, to‘liq sayohat taqiqi qo‘llanadigan davlatlar soni 7 taga oshgan.

Ularga Laos, Serra Leone, Burkina Faso, Mali, Niger, Janubiy Sudan va Suriya kiradi. Laos va Serra Leone avval qisman cheklovlar ostida bo‘lgan. Shuningdek, qisman cheklovlar joriy etiladigan yana 15 ta davlat ro‘yxatga kiritildi. Angola, Antigua va Barbuda, Benin, Kot-d’Ivuar, Dominika, Gabon, Gambiya, Malavi, Mavritaniya, Nigeriya, Senegal, Tanzaniya, Tonga, Zambiya va Zimbabve shular jumlasidandir.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar