Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi fuqarolarga o‘ta zarurat bo‘lmasa, Venesuelaga sayohat qilishdan tiyilishni, turoperatorlarga esa vaziyat barqarorlashgunga qadar sayohat paketi sotuvini to‘xtatishni tavsiya qildi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Vazirlik ushbu qarorini AQSHning Venesuelaga qarshi harbiy operatsiyasi va yangi hujumlar uyushtirilishi haqidagi tahdidlar bilan izohladi. Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham sayyohlarga xuddi shunday murojaat bilan chiqqan edi.
“Rossiya turoperatorlari va sayyohlik agentliklaridan Venesuela Bolivar Respublikasiga turistik hamda ayrim xizmatlarni targ‘ib qilish va sotishni vaziyat normallashguniga qadar to‘xtatib turish talab qilinadi”, deyiladi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi bayonotida.
Hozirda Venesuelada bo‘lib turgan rossiyalik sayyohlarga o‘ta ehtiyotkor bo‘lish, mahalliy hokimiyat hamda Rossiya diplomatik vakolatxonalarining xabarlarini kuzatib borish va ularning ko‘rsatmalariga amal qilish maslahat berildi.
Aviaparvozlar holati
Rossiya samolyoti 5-yanvar kuni AQSH hujumidan keyin ilk bor Venesuelaga yo‘l oldi. Reys Conviasa aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Rossiya tashuvchilari 2025-yil dekabr oyida sayyohlar oqimi sezilarli darajada kamaygani sababli Karakasga parvozlarni to‘xtatgan edi.
“Mutlaq qat’iyat” operatsiyasi
AQSH 3-yanvarga o‘tar kechasi Venesuelaga qarshi keng ko‘lamli havo hujumini boshladi. “Mutlaq qat’iyat” (Absolute Resolve) deb nomlangan operatsiya 2 soat-u 20 daqiqa davom etdi. Harbiy harakatlar davomida prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketildi. Amerika hukumati ularni “narkoterrorizm”, narkotik moddalar kontrabandasi va noqonuniy qurol saqlashda ayblamoqda. Venesuela prezidenti bugun, 5-yanvar kuni Nyu York shahar sudida sud qilinishi kutilmoqda.
Rossiya va dunyo hamjamiyatining munosabati
Venesuela rasmiylari AQSH harakatlarini harbiy agressiya deb atadi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Vashingtonning bu qadamini keskin qoraladi. Moskva Karakas o‘z taqdirini tashqi aralashuvlarsiz belgilash huquqiga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya va Venesuela uzoq yillardan beri energetika, harbiy soha va yuqori darajadagi siyosiy aloqalarni o‘z ichiga olgan yaqin hamkorlikni saqlab kelmoqda. Moskva yillar davomida Karakasni diplomatik jihatdan qo‘llab-quvvatlab, savdo va investitsiya aloqalarini chuqurlashtirishga intilib keladi.








