O‘zbekistonda sodir etilgan bir necha jinoyatlar uchun qidiruvda bo‘lgan “Gryaz” laqabli jinoiy uyushma yetakchisi Turkiyada ushlandi. Bu haqda 14-dekabr kuni Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Oʻzbekiston IIV Tezkor-qidiruv departamenti Jamoat xavfsizligi xizmatining Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, DXX hamda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, O‘zbekiston hududida jinoiy uyushma yetakchisi sifatida bir qator jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, qidiruvda boʻlgan va Turkiyada tergovdan yashirinib yurgan “Gryaz” laqabli 1993-yilda tugʻilgan Yo.M., 5-dekabr kuni Oʻzbekistonga qaytarilib, tergov organlariga topshirilgan.
Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 2-qismi, 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi, 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi va 242-moddasi (jinoiy uyushma tashkil etish) 1-qismi bilan ayblanib, 2023-yilda Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan qidiruvga eʼlon qilingan edi.
Oʻzbekistonda sodir etgan jinoyati uchun 19 yildan buyon qidiruvda boʻlgan ayol dekabr boshida Turkiyada qoʻlga tushgandi. U Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 2-qismidagi, yaʼni jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishni nazarda tutuvchi harakatni sodir etgani uchun 2006-yildan buyon qidiruvda boʻlgan. Oʻzbekiston va Qohira Interpol milliy markaziy byurosi hamkorligida xalqaro qidiruvda boʻlgan oʻzbekistonlik Misrda ushlangani xabar qilingandi. Uning sodir qilgan jinoyati ochiqlanmagan.








