Daryo

“Qiyomat kuni muzligi”da yuzdan ortiq yer silkinishlari qayd etildi

Agar muzlik to‘liq parchalanib ketsa, dengiz sathi kamida 1–2 metrga ko‘tarilishi mumkin. Bunday holat London, Nyu York, Amsterdam, Bangkok va Mumbay kabi yirik shaharlarga jiddiy xavf tug‘diradi.

1 daqiqa o‘qish24 687 ko‘rishlar0 izoh11

Antarktidadagi “Qiyomat kuni muzligi” nomi bilan tanilgan Tueyts muzligida yuzlab zilzilalar qayd etildi. Bu haqda yangi tadqiqotga tayanib The Conversation xabar berdi.

Muzlik zilzilalari sovuq va muzli hududlarda yuzaga keladigan o‘ziga xos seysmik hodisa bo‘lib, ular ilk bor bundan 20 yildan ortiq vaqt avval Shimoliy yarimsharda aniqlangan. Bunday zilzilalar odatda muzliklardan yirik muz bo‘laklari uzilib, okeanga qulaganida sodir bo‘ladi.

Avvaliga Antarktidada bu turdagi zilzilalar juda kam uchragan deb hisoblangan. Biroq Avstraliya Milliy universiteti olimi Txan-Son Fam va uning hamkasblari 2010–2023-yillar oralig‘ida Antarktidada yuzlab muzlik zilzilalari sodir bo‘lganini aniqladi. Ularning katta qismi Tueyts muzligining okeanga tutash qismida qayd etilgan. Mutaxassislar ushbu muzlikning qulashi dengiz sathining keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Olimlarning baholashicha, agar muzlik to‘liq parchalanib ketsa, dengiz sathi kamida 1–2 metrga ko‘tarilishi mumkin. Bunday holat London, Nyu York, Amsterdam, Bangkok va Mumbay kabi yirik shaharlarga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu sababli u “Qiyomat kuni muzligi” nomini olgan.

Famning tushuntirishicha, muzlik zilzilalari natijasida yer yuzasida kuchli mexanik tebranishlar qayd etiladi va seysmik to‘lqinlar minglab kilometr masofaga tarqaladi. Avvallari bunday zilzilalarning aksariyati Shimoliy yarimshardagi eng yirik muz massivi joylashgan Grenlandiyada qayd etilgan. Endilikda esa Antarktida ham ushbu jarayonlar faol kechayotgan hudud sifatida e’tiborga olinmoqda.

Yangi tadqiqot doirasida Antarktidaning o‘zida joylashgan seysmik stansiyalar ma’lumotlari tahlil qilinib, 360 dan ortiq muzlik zilzilasi aniqlangan. Ularning ko‘pi hozirgacha zilzilalar kataloglariga kiritilmagan.

Tahlillar bu hodisalar asosan Tueyts va Payn Aylend muzliklari atrofida sodir bo‘lganini ko‘rsatadi. Xususan, aniqlangan zilzilalarning qariyb uchdan ikki qismi — 362 ta hodisaning 245 tasi — Tueyts muzligining okeanga tutash qismida yuz bergan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar