Yerda hayot hozirgi ko‘rinishida yana taxminan 1,8 milliard yil davom etishi mumkin. Bu haqda JGR Atmospheres ilmiy jurnalida e’lon qilingan tadqiqot natijalarida ma’lum qilindi.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yerdagi o‘simliklar avvalgi modellarda taxmin qilinganidan ancha uzoq vaqt yashay oladi. Bu esa fotosintezga asoslangan biosferaning ham kutilganidan kechroq yo‘qolishini anglatadi.
Tadqiqotda qayd etilishicha, Quyosh evolyutsiya jarayonida asta-sekin yorqinlashib va qizib bormoqda. Hozir u 4,5 milliard yil avvalgiga nisbatan taxminan uchdan bir qismga ko‘proq energiya tarqatadi. Olimlar Quyosh yana qariyb 5 milliard yil davomida qizib borib, shundan keyin o‘z hayot siklini yakunlanishini bildirmoqda.
1982-yilda britaniyalik olim Jeyms Lavlok fotosintezga asoslangan Yer biosferasi taxminan 100 million yildan keyin yo‘qolishini bashorat qilgan edi. Yangi tadqiqot esa bu muddatni qariyb 18 barobarga uzaytirib, 1,8 milliard yil deb baholamoqda.
Biroq Blue Marble Space astrobiologi Jeykob Xak-Mistra bu ssenariy amalga oshmasligi ham mumkinligini ta’kidlagan. Uning fikricha, inson faoliyati natijasida atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari sayyorani ancha ertaroq xavfli darajagacha qizdirishi mumkin.
Mutaxassisning aytishicha, agar global isish hozirgi sur’atlarda davom etsa, iqlimdagi keskin o‘zgarishlar 6–7 ming yil ichidayoq biosferaga jiddiy xavf tug‘dirishi ehtimoli bor.
“Yerdagi hayotning asosini fotosintez tashkil etadi. Bu jarayon orqali o‘simliklar, suv o‘tlari va ayrim bakteriyalar Quyosh nurini energiyaga aylantiradi. Harorat ma’lum darajadan oshib ketsa, fotosintez to‘xtaydi. Natijada o‘simliklar yo‘qoladi, oziq-ovqat zanjiri izdan chiqadi va Yerdagi hayotning mavjud shakllari barham topadi”, deydi tadqiqot mualliflari.
2025-yilda Chikago universiteti tadqiqotchilari Quyoshda sodir bo‘layotgan global o‘zgarishlar tufayli besh milliard yildan so‘ng Yerda hayot barham topishini taxmin qilishgandi.








