Daryo

Fabio Kannavaro: “O‘zbekiston Jahon chempionatida syurpriz bo‘lishi mumkin”

O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Buyuk Britaniyaning “The Guardian” nashriga intervyu berdi. Italiyalik mutaxassis suhbat davomida O‘zbekistondagi hayoti, mamlakatdagi dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

4 daqiqa o‘qish18 651 ko‘rishlar0 izoh17

O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Fabio Kannavaro Buyuk Britaniyaning “The Guardian” nashriga intervyu berdi. Italiyalik mutaxassis suhbat davomida O‘zbekistondagi hayoti, mamlakatdagi dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi ishlash varianti qanday paydo bo‘ldi?

Men murabbiylik karyeramni boshqacha boshlaganman. Bir kuni Marchello Lippi (italiyalik sobiq mutaxassis) menga qo‘ng‘iroq qilib: “Xitoyda jamoamni boshqarishni xohlaysanmi? Men sport direktori bo‘laman”, dedi. O‘sha paytda men “Al-Ahli Dubay” klubida yordamchi murabbiy sifatida ishlar edim. Lippi oxiri meni ishontirdi. Kelishuv bo‘yicha, Lippi sport direktori, men esa murabbiy edim. Oradan uch oy o‘tgach, klub bilan kelishmovchilik yuzaga keldi va men ham ishdan bo‘shadim. Shundan keyin Xitoyning ikkinchi ligasida faoliyatimni davom ettirdim. Ular bilan chempionlikni qo‘lga kiritdim. Keyinchalik koronavirus sabab vaziyat o‘zgardi va Italiyaga qaytishga majbur bo‘ldim. Ammo u yerda mening tajribamni qadrlashmadi. Ehtimol, erishgan yutuqlarim yetarli emas deb o‘ylashgandir.


Keyinchalik “Benevento”, “Udineze” va “Dinamo Zagreb” jamoalarida ishladim. Ammo u yerdagi faoliyatimni muvaffaqiyatli bo‘lgan deya olmayman. Shundan so‘ng, O‘zbekiston milliy jamoasida ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘zbekiston yosh va iste’dodli futbolchilarga ega mamlakat. Federatsiya esa akademiyalarga katta e’tibor qaratadi. U-17, U-19 va U-23 jamoalari Osiyoda ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan.

Foto: Foto: The Guardian

O‘zbekistonda qanday qabul qilishdi?

Biz bir oy davomida turli shaharlarga O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini tomosha qilishga bordik. Ular bunga o‘rganmagan ekan. Chunki ko‘plab xorijlik murabbiylar bir nechta o‘yinlarni tomosha qilib, vataniga qaytib ketishgan. Biz 40 kun davomida turli shaharlarga bordik, mamlakat chempionatidan o‘rin olgan ko‘plab uchrashuvlarni stadiondan tomosha qildik. Hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p: Jahon chempionatidagi o‘yin sur’ati O‘zbekiston chempionati o‘yinlaridan tubdan farq qiladi. Biz shu farqni imkon qadar kamaytirishimiz kerak.

Mamlakat haqida ilk taassurotlar:

Biz Toshkentda yashaymiz. Shahar katta, eski va yangi qismlari bir-biriga uyg‘unlashgan. Odamlari juda yaxshi va ochiq. Bu yerga tezda ko‘nikdik. Samarqandga ham bordik. Mazkur shahar juda chiroyli ekan. Har joyda bo‘lgani kabi bu yerda ham yaxshi va uncha yaxshi bo‘lmagan tomonlar bor. Hozircha eng katta muammo — havoning ifloslanishi. Qolgan barcha sharoitlar ko‘ngildagidek. Federatsiya bizga yangi qurilgan sport markazini taqdim etdi.

Foto: Foto: O‘FA

Jamoa bilan maqsadlar:

Mazkur Jahon chempionati biz uchun tajriba bo‘ladi. Oradan olti oy o‘tib Osiyo Kubogi boshlanadi va o‘sha musobaqada qanday darajada ekanligimizni aniqroq ko‘rish mumkin. Shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar haqida gapirmoqchi emasman: jamoani aynan ular Jahon chempionatiga olib chiqdi. Men esa shu poydevorni yanada mustahkamlab, jamoaga Yevropa futbol madaniyatini olib kirishni istayman.

O‘zbekistonlik qaysi futbolchi Jahon chempionatida kashfiyot bo‘lishi mumkin?

Tarkibda yaxshi futbolchilar bor. Ammo ular o‘z ustida hali ko‘p ishlash kerak, chunki jismoniy jihatdan Yevropa jamoalariga tenglashish oson emas. Lekin o‘zbek futbolchilari juda bardoshli — jang qiladi, taslim bo‘lmaydi. Ularga qarshi o‘ynash oson emas. Masalan, Urugvay bilan o‘ynaganimizda to‘qqiz nafar asosiy tarkib futbolchisida jarohat bor edi, optimal holatda emasdik, lekin baribir mardonda jang ko‘rsatdi.

Futbolchilar bilan qaysi tilda gaplashasiz?

Men ingliz tilida muloqot qilaman. Ular tushunadi. Shuningdek, tarjimon ham bor. Bugungi kunda tarjimon bizga juda zarur. O‘zbek tilini o‘rganishim qiyin, sababi avval inglizchada yaxshiroq gapirishni o‘zlashtirishim kerak.

Sizning Osiyo bilan aloqangiz kuchli: BAA, Xitoy, endi esa O‘zbekiston. Buning sababi nima?

Bu shunchaki imkoniyatlar edi. Men bir joyda tinch yashay olmayman. Oddiy, an’anaviy murabbiylik yo‘lini xohlaganman, lekin menga bunday yo‘l nasib qilmagan. “Udineze” men uchun katta tajriba bo‘lgan. Hozir boshqa yerda tajriba to‘playapman, lekin baribir italiyalik murabbiyman va bir kun kelib o‘z yurtimga qaytib, Italiyada ham nimalarga qodirligimni isbotlamoqchiman.

Foto: Foto: “Daryo”

Navbatdagi rejalar qanday?

Vaqtimning ko‘p qismi O‘zbekistonda o‘tadi. Yaqinda chempionat yakuniga yetd, shundan so‘ng Yevropada to‘p surayotgan legionerlarimizning o‘yinlarini kuzatib boramiz. Mart oyidan boshlab o‘rtoqlik uchrashuvlari boshlanadi.

Mahalliy liganing darajasi qanday?

Hali rivojlanishi kerak bo‘lgan jihatlar bor. Katta investitsiyalar yo‘q, infratuzilma ham hali to‘liq shakllanmagan. Umuman olganda, ligani rivojlantirish uchun qilinadigan bir nechta ishlar bor. O‘zbekiston Jahon chempionatida syurpriz bo‘lishi mumkinmi? Umid qilamanki, shunday bo‘ladi, lekin bu mehnat, bilim va aniqlik orqali amalga oshirilishi kerak. Syurprizlar o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi.

​Ma’lumot uchun, 5-dekabr kuni Jahon chempionati guruh bosqichiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston “K” guruhidan joy oldi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoaga Portugaliya, Kolumbiya hamda qit’alararo pley-off g‘olibi (Kongo – Yamayka/Yangi Kaledoniya) raqiblik qiladi.​

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar